Dunyoning ishlari

Tekst
Przeczytaj fragment
Oznacz jako przeczytane
Jak czytać książkę po zakupie
  • Czytaj tylko na LitRes "Czytaj!"
Czcionka:Mniejsze АаWiększe Aa

Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini ko‘rib, mehmonga otlanayotganini sezdim-u darrov ergashdim.

– Menam, menam boraman!

– Mehmonga ketayotganim yo‘q, – dedi oyim bosh chayqab. – Ishim bor.

– Boraman, oborasiz!

Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi.

– Mayli, ammo charchadim demaysan.

Ona-bola yo‘lga tushdik. Yomg‘ir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon ko‘pchib yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus ustiga tashlangan yakkacho‘pdan o‘tdik. Lopillab turgan yakkacho‘pdan o‘tayotganda qo‘rqdim-u o‘tib olgandan keyin shundoq suv bo‘yida o‘sib yotgan sambittollarga angrayib qoldim. Sambittol zo‘r! Hushtak yasasa ham bo‘ladi, «ot» qilib o‘ynasa ham…

– Yur, tezroq, – dedi oyim qo‘limdan tutib…

Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yo‘q hisob, eski namat tashlangan so‘rida bir chol oftobda mudrab o‘tiribdi, yonida tumshug‘i chegalangan choynak, sopol piyola… Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan o‘tdik. Qovurg‘asi sanalib qolgan uchta ot dumi bilan pashsha qo‘rib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi. Otxona hovlisining burchagiga uyib qo‘yilgan go‘ngdan hovur ko‘tariladi.

– Qayoqqa ketyapmiz, oyi?

– Keldik shekilli, – dedi onam atrofga alanglab. – Qurib ketsin, so‘raydigan odam ham yo‘q.

Ikki betida tollar, teraklar o‘sib yotgan loy ko‘chadan yana ozgina yurgan edik, obkashda suv ko‘tarib kelayotgan semiz xotin ko‘rindi.

– Hoy egachi, shu yerlikmisiz? – dedi oyim, yaqinroq borib.

Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni yerga qo‘ydi. Harsillab oyim bilan ko‘rishdi.

– Mahmud bukurning uylari qaysi, o‘rgilay? – dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib.

Semiz xotinning rangi o‘chib ketdi.

– Bukur bo‘lsa Xudo qilgan! – dedi harsillab. – Tavba deng!

Shunday dedi-yu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni ko‘tardi. Shartta burilib ketdi. Sirg‘alib-sirg‘alib borarkan, obkashi bilan qo‘shilishib orqaga burildi.

– Ta’na tagi tayg‘oq, – dedi harsillab. – Betamiz!

Oyim hang-mang bo‘lib qolgan, og‘ir-og‘ir kiprik qoqar, hozir yig‘lab yuboradigan alpozda edi.

– Voy, sho‘rim! – dedi pichirlab. – Kelib-kelib xotinidan so‘rabman shekilli.

U hamon sirg‘angancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab turdi-da, qo‘limdan tutdi.

– Yur, keta qolaylik.

Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek bo‘ldim.

Kecha dadam «surishtirib ko‘rish kerak» degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni qo‘ni-qo‘shnisidan bilib olmoqchi.

Choyxona ro‘parasida pastak tomiga qora qog‘oz tashlangan, derazasining ko‘ziga yaltiroq xitoy qog‘oz yopishtirilgan sartaroshxona bor ekan. Ichkarida kim borligini bilmadim-u, biroq do‘kon eshigi oldidagi yog‘och xarrak bo‘sh edi. Uch-to‘rt qadam yurgandan keyin oyim to‘xtab qoldi.

– Sochingni oldiramizmi? – dedi to‘satdan.

Ikkilanib qoldim. Sochimni oldirib borsam, akalarim, jo‘raboshi albatta boshimga shapatilab «ustara haqi» olishadi.

– Yura qol, – oyim yelkamga qoqdi. – Soching o‘sib rangingni siqib yuboribdi.

Ochiq eshikdan sekin mo‘raladim. Ichkarida mijozlar yo‘q, oldiga kir peshband taqqan sartarosh devor tomonga qarab choy ichib o‘tirgan ekan. Kechagi yomg‘irda bu yerdan ham chakka o‘tgan shekilli, hujraning xomsuvoq qilingan devoriga uzun-uzun zahkash iz tushib qolgan. Oyim eshikdan mo‘ralab sekin yo‘taldi.

Sartarosh yelkasi osha burilib qaradi. Mo‘ylovi tekis qaychilangan qisiqroq ko‘zli kishi ekan.

– Jiyanning sochini olamizmi? – dedi o‘rnidan turib. Shundagina uning bitta oyog‘i yog‘och ekanini ko‘rdim. Nosrang galife shimining yog‘och oyog‘idagi pochasini qayirib qo‘yibdi. U taxtalarining orasi ochilib yotgan polni do‘pillatib yaqin keldi. – O‘tir, jiyan, – dedi eski kursiga imo qilib.

Devorga tirab qo‘yilgan xira toshoyna ro‘parasiga o‘tirdim. Oyim boshimdan do‘ppimni yechdi-da, boya sartarosh o‘tirgan kursiga joylashdi.

– Ustarada olamizmi, mashinadami? – sartarosh stol ustida yotgan, soch tolalari yopishgan matoni qoqib-qoqib bo‘ynimga solarkan, onamga yuzlandi.

– Mashinada ola qoling, – dedi oyim.

Sartarosh qutichadan yaltiroq mashinasini oldi. Chakkamga mashinani tirab shiq-shiq qilgancha sochimni olishga tushdi.

– Nega ixraysan? – sartarosh boshimni besh barmog‘i bilan changallagancha dashnom berdi. – Soldat hamma narsaga chidashi kerak. Za Rodinu, deb atakaga borsang ham ixraysanmi?

Oyimdan panoh kutib, aksini oynada ko‘rish umidida mo‘raladim. Biroq ko‘zgu shunaqangi xira ediki, o‘zimning yuzimni zo‘rg‘a ko‘rardim.

– Siz shu yerlikmisiz? – dedi onam bir mahal.

– Sho‘tlikmiz, – sartarosh ishini davom ettirarkan, onamga burilib qaradi. – Nimaydi?

– Men bir xayrli yumush bilan keluvdim, – dedi oyim osoyishta ohangda. – Odilxo‘ja deganni taniysizmi? Ayollari chevar ekan. Muborak chevar.

– Nega tanimas ekanman! – sartarosh tantana bilan ovozini balandlatdi. – Shundoq Mahmud bukur bilan qo‘shni turadi-da, otxonadan o‘tsangiz to‘rtinchi darvoza!

– Bir narsani bilmoqchiydik, – oyim bir zum jimib qoldi-da, davom etdi. – Xudoyiligingizni aytsangiz: qanaqa odamlar o‘zi, tag-zoti qanaqa, asli shu yerlikmi yo boshqa joydan kelishganmi?

– Ha-a-a! Bundoq demaysizmi? – sartarosh onamning maqsadini tushundi shekilli, bosh irg‘adi. – Tag-zoti toza odamlar! Qadimdan shu yerda turishadi. Ota-bobosi bog‘bon o‘tgan. Katta uzumzori bo‘lardi. Shibilg‘oni deysizmi, shakarangur deysizmi, echkemarmi – hammasi shu bog‘da bo‘lardi. Ana uzum-u mana uzum! Urushning kasofati bilan ko‘plari yo‘q bo‘p ketdi. Qo‘li qisqalik qip qoldi bechoralarni!

Sartarosh gapirgan sayin g‘ayratga kirar, g‘ayratga kirgan sayin mashinani tezroq shiqirlatar, unga sayin sochim ko‘proq yulinar edi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi.

– Avlodida yomon odamlar chiqmaganmi? – dedi onam. – Qimorboz, o‘g‘ri, nashavand deganday…

– Yo‘q! – dedi sartarosh qat’iyat bilan. – Hammasi yaxshi odamlar.

Onam yengil tortib, xo‘rsinib qo‘ydi.

Endi sochimning orqasini olishga navbat keldi. Sartarosh kaftini botirib, nuqul boshimni pastga egadi. Boshim egilgan sayin paydarpay burnimni tortaman.

– O‘g‘li-chi? – dedi oyim asosiy maqsadga o‘tib. – To‘laganxo‘ja degan o‘g‘li bor emish…

– Vo! – sartarosh mashina bandiga tiqilgan bosh barmog‘ini dikkaytirib ko‘rsatdi. – Meravoy bola! Ma’lim! Maktabda ma’limlik qiladi.

– Urushga bormaganmi?

– Yo‘q, – sartarosh qitig‘imni keltirib tag‘in bo‘ynimga mashina soldi. Shilt etib burnimni tortdim. – Ma’limlarni urushga olishmagan. Ammo meravoy bola! Nima, quda bo‘lmoqchimisizlar?

– Qaydam, – dedi oyim sekin. – Taqdir qo‘shgan bo‘lsa…

– Ammo og‘iz solishgan bo‘lsa shu boladan qolmanglar. Tag-zoti ko‘rgan, buning ustiga kimsan, ma’limni kuyov qilasiz-u jon demaysizmi, singil! O‘zingiz kimning oilasi bo‘lasiz?

Oyim hammasini batafsil aytdi. Dadamni, asli qayerdan kelib chiqqanimizni…

– Yulduzinglar yulduzlaringga to‘g‘ri kepti! – dedi sartarosh mashinani puflab-puflab tozalar ekan. – Xudo xohlasa osh yer ekanmiz-da!

Qutulganimga shukur qilib, dik etib o‘rnimdan turdim.

Onam do‘ppimni boshimga kiygazib, sartaroshga pul berdi.

– Iye, qudalardan pul olsak qandoq bo‘larkin? – sartarosh pulni shimining kissasiga tiqarkan, tayinladi. – Shulardan qolmang, yaxshi odamlar.

Uyga qaytishimiz bilan bir burda zog‘orani oldim-u ko‘chaga yugurdim. Maydonchada o‘ynab yurgan Toy, Vali, jo‘raboshi – hammasi paysalga solmay «ustara haqi» olishdi. Ayniqsa jo‘raboshi o‘rta barmog‘i bilan chertganda boshim og‘ridi. Lekin chidab turdim. O‘zim olib kelgan yangilik bilan hammani qoyil qoldirmoqchi edim.

– Yaqinda biznikida to‘y bo‘ladi! – dedim maqtanib. – Opamning to‘yida rosa osh yeymiz! Keyin quda buvi menga ko‘ylak tikib beradi. «Zinger» mashinasi bor!

…Lekin to‘y bo‘lmadi. Bir oydan keyin ham, bir yildan keyin ham… Bir-ikki marta opam, «kerakmas», deb yig‘laganini, oyim, «ko‘nglingdagini ayt bo‘lmasa», deganini eshitib qoldim.

Tanish sovchilar hamon tez-tez kelib turishar edi. Bir kuni ertalab tursam, oyim yo‘q. Tushga yaqin xomushroq qaytdi. Ertasiga opam ishga ketganida, nonushta ustida dadamga qiziq gap aytdi.

– Pishmaydigan savdoga o‘xshaydi. Urug‘ida jinni bor ekan. To‘laganxo‘janing katta amakisi uch-to‘rt marta jinnixonaga tushgan ekan.

– Bo‘lmaydi! – dedi dadam keskin qo‘l siltab. – Sovchilar yana kelsa javobini berib yubor.

Bir narsani hech tushunmasdim. O‘shanda onam sovchilarning kelib chiqishi qayerdanligi-yu, avlodida yomonotliq odamlar bor-yo‘qligini, kasb-kori nima-yu, qarindoshlarida kasallar bor-yo‘qligini nima uchun bunchalik surishtirganiga hech aqlim bovar qilmasdi.

Bu savdolar, bu savollar bora-bora yodimdan chiqib ketdi. Biroq kunlardan birida g‘alati voqea bo‘ldi. Redaksiyada ishlab o‘tirsam, egnidagi kiyimidan tortib taqinchoqlarigacha juda yarashgan ko‘hlik ayol kirib keldi.

Anchagacha gapni nimadan boshlashni bilolmay uyalib o‘tirdi-o‘tirdi-da, oxiri dardini ochdi.

– Islom akam ikkalamiz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. Ammo ajrashmasak bo‘lmaydi.

Xudo haqqi, bunaqa masalalarga aralashishni jinimdan yomon ko‘raman.

Ko‘hlik juvonga to‘g‘risini aytdim, o‘z hayotingizni o‘zingiz hal qiling, dedim.

Ayol bir zum yerga qarab turdi-da, iltimos qildi.

– Islom akam bilan bir gaplashib ko‘rsangiz…

«Islom akasi» kelishini xayolimga ham keltirmagan edim. Uch kundan keyin eshikdan har jihatdan mukammal yigit kirib kelib o‘zini tanishtirganida hayron qoldim. Ikkovlari bir-biriga shu qadar munosib ediki, shundoq oilaning ajrashmoqchi ekaniga achinib ketdim. Gapni nimadan boshlashni bilmay garangsib turgan edim, Islomning o‘zi muddaoga o‘tdi.

– Xotinim meni, men xotinimni sevaman. Bolamiz yo‘qligiga xafaman. Ammo choramiz ham yo‘q!

 

– Hozirgi zamon meditsinasi uchun shuyam problema bo‘ptimi, – dedim Islomni yupatib. – Uchrashib ko‘ringlar axir.

Islom ma’yus jilmaydi.

– O‘zim vrachman. Vrach bo‘lganim uchun xotinimning tug‘ishini xohlamayman.

Butunlay esankirab qoldim.

– Nega axir? Bir-birlaringni sevsangiz. Munosib bo‘lsangiz…

– Men vrachman, – dedi Islom yana bo‘g‘iq ovozda. – Genetikani yaxshi bilaman. Xotinimning o‘g‘il tug‘ishidan qo‘rqaman. – U yana xo‘rsindi. – Qo‘rqaman. Umuman, hammasiga o‘zim aybdorman. Nazirani sevardim. Xudbinlik qildim. Boshida aytishim kerak edi.

U nimanidir, juda muhim narsani aytishga ikkilanar edi.

– Mayli, – dedi nihoyat. – Rostki, sizga yuragimni ochdimmi, bu yog‘iniyam aytishim kerak. Mening buvam– dadamning otasi ShZ bo‘lgan.

– Nima u ShZ? – dedim daf’atan tushunolmay.

– Shezofreniya kasalligi. Ruhiy xastalikni meditsinada shunaqa deyiladi. Bu – naslga o‘tadigan dard. Ota avlodida bo‘lsa o‘g‘ilgami, nevaragami, xullas kimgadir o‘tadi.

– Qiziq ekansiz, – dedim uni yupatib. – Vrachlar vahimachiroq bo‘ladi o‘zi! O‘tmasa-chi!

– O‘tsa-chi! – Islom mahzun qiyofada boshini quyi soldi. – Men-ku mayli, Nazirada nima ayb? Ruhiy xasta bola bilan umrbod ezilib yuradimi?!

Yana allanimalar deb ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim. Islom mahzunlik bilan jilmayib o‘tirdi-o‘tirdi-da, indamay chiqib ketdi.

…Shunda chakka o‘tgan o‘sha kecha, erta bahorda oyim bilan loy kechib, Qa’niga borganimiz, frontovik sartarosh, yana ko‘p narsalar yodimga tushdi. Onamni qo‘msash aralash sog‘inch tuyg‘usi vujudimni sirqiratib yubordi. Shu paytgacha o‘zim tushunmay yurgan ko‘p haqiqatlarni anglagandek bo‘ldim.

…Qaysi kuni metro stansiyasi oldida Gulini ko‘rib qoldim. Yonida baland bo‘yli, jingalak sochli yigit. Mo‘ylovi o‘ziga xo‘p yarashgan. U Gulining jajji sumkachasini ko‘tarib olgan. Guli uni qo‘ltiqlab kelar, yigit xushchaqchaq bo‘lsa kerak, allanimalarni gapirar, Guli xandon otib kular edi.

Uch kundan keyin Gulini ko‘chada uchratdim.

– Yaxshi bolaga o‘xshaydi, – dedim o‘sha yigitni eslab.

– Kim?

– O‘sha kungi yigit. To‘y qachon?

Guli qizardi. Ammo quvonchini yashira olmadi.

– Farhod akam yoqdimi sizga? – dedi jilmayib.

– Yoqdi, – dedim rostini aytib. – Kasbi nima?

– Oshpaz, – Guli yana jilmaydi. – Shefpovar.

– Qarindoshlaring emasmi?

Guli «yo‘q» degandek bosh chayqadi.

– Qayerlik ekan o‘zi?

Guli hayron qolib chiroyli kipriklarini pirpiratdi.

– Buning nima ahamiyati bor?

– Mabodo avlodidan o‘g‘rimi, nashavandmi chiqmaganmi? – beixtiyor og‘zimdan onamning savoli chiqib ketdi.

Guli birdan jiddiy tortdi. Qoshini chimirdi.

– Nima deganingiz bu?

– Jinni-chi? Mabodo qarindosh-urug‘larida ruhiy kasallar yo‘qmi? Surishtirib ko‘ring.

Guli ko‘zimga tikilib turdi-da, sekin-sekin orqasiga tisarila boshladi. Nariroqqa borib birdan yugurib ketdi. Chamasi meni esdan og‘ib qolgan deb o‘yladi.

ERMON BUVANING TILAGI

Agar dunyoda ikkita beozor odam bo‘lsa bittasi Ermon buva. Agar dunyoda ikkita beozor odam bo‘lsa yana bittasi – Ermon buvaning kampiri – Habiba buvi. Mabodo dunyoda ikkita yuvosh sigir bo‘lsa bittasi Ermon buvaning ola sigiri. Agar shunaqa sigir dunyoda bitta bo‘lsa shu sigirning o‘zi.

Ermon buvaning chap oyog‘i oqsoq: hassa bilan yuradi. Sigirining o‘ng shoxi singan. Ola sigirning shoxi qandoq singanini hech kim bilmaydi. Ammo Ermon buvaning oyog‘i nega oqsoqligini hamma biladi. Biladi-yu, hamma har xil gapiradi. Oyimning aytishiga qaraganda, Ermon buvaning oyog‘i bosmachilar bilan urushda singan emish. Dadam bo‘lsa boshqacha tushuntirgan. Qishloqni bosmachi bosganida Ermon buva daraxtga chiqib ketayotganda yiqilib oyog‘i cho‘loq bo‘p qolganmish.

Xullas, nima bo‘lgandayam u oqsoqlanib yuradi. Bahor paytlari ola sigirini yetaklab kelib qoladi. Qo‘lida hassa, sigirining butun shoxiga tuguncha ilib qo‘yilgan. O‘tloqqa yetganidan keyin sigirning shoxidagi tugunchani oladi-da, o‘zini qo‘yib yuboradi. Belidagi qiyiqchasini tol soyasiga tashlab «Bismillohu rahmonur rahim» deb maysa ustiga yonboshlaydi. Ola sigir shundoqqina uning yonida poyezddek pishillab o‘tlashga tushadi. Ora-chora shu ishim ma’qulmi, degandek egasiga qarab-qarab qo‘yadi. Shunaqa yuvosh sigirki, bolalar tagiga kirib emsa ham hoy, nima qilyapsan, deb qayrilib qaramaydi. Biroq bolalar Ermon buvani ham, sigirini ham qattiq hurmat qilishadi. Hatto jo‘raboshimiz ham buvani ko‘rishi bilan yuvosh tortib qoladi, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:

– Assalomu alaykum, buvajon, – deb salom beradi.

– Vaalaykum assalom, mullo bo‘ling, tasadduq, – deydi Ermon buva salmoqlab. Baribir uning ovozi salmoqli chiqmaydi: xotinlarnikidek ingichka, ammo nihoyatda mehribon.

Uni har ko‘rganda oyim aytib bergan Xizr esimga tushadi. Nega deganda Ermon buvaning sochi ham, soqoli ham, hatto ko‘ziga qayrilib tushgan o‘siq qoshlarigacha oppoq. Oppoq yaktak, lozim kiyib yuradi. Habiba buvi kiyimini doim top-toza qilib yuvib, dazmollab beradi. Yaktagining delvagay yoqasidan ko‘rinib turgan ko‘kragidagi tuklariyam oppoq. Faqat ikki yuzi qip-qizil. Oyimning aytishiga qaraganda, farishtali odamning yuzidan nur tomib turarmish. Farishtaning qanaqa bo‘lishini bilmayman-u, ammo Ermon buvani yaxshi ko‘raman. Judayam yaxshi ko‘raman.

U yonboshlab yotganicha yaktagining cho‘ntagidan nosqovog‘ini chiqarib bir otim nosni tili tagiga tashlaydi-da, ko‘zlarini qisib bahor oftobiga tikilgancha hassasini chertib xirgoyi qiladi:

 
«Tolda chumchuq sayraydi, ko‘rsam ko‘nglim yayraydi…»
 

Shunda endi yo‘lga kirgan ukam ishtonchan chopqillagancha uning yoniga keladi. Ermon buva xirgoyisini to‘xtatadi. Ukamning buti orasiga qo‘l cho‘zib hazillashadi:

– Nosdan bering, otam, nosdan bering.

Ukam qitig‘i kelib qiqirlab kuladi. Ermon buva tirnoqlari qiyshayib ketgan barmoqlarini hidlagan bo‘ladi-da, ataylab aksa uradi.

– Ap-ap-ap-shu! Voy-bo‘! Nosingiz zo‘r ekan-ku, otam!

Ukam huzur qilib qiqirlaydi. Nariroqqa qochib boradi-da, tag‘in buvasiga «nos bergisi» kelib qoladi. Qaytib keladi. Keyin hammasi yangitdan boshlanadi.

Bir mahal oyim maydon chekkasida turib meni imlab chaqirayotganini ko‘raman-u yuguraman. Oyim qo‘lidagi obdastani uzatadi.

– Ma, buvanga oborib ber.

Bilaman, obdastada iliq suv bor. Bir qo‘lim bilan obdastaning bandidan, ikkinchi qo‘lim bilan jo‘mragidan tutib halloslab chopib kelaman.

– Mang, buva!

Ermon buva hayron bo‘lgandek qarab turadi-da, mamnun jilmayadi:

– Peshin bo‘p qoldi deng, qoravoy? Barakalla! Umringizdan baraka toping, Poshsha qizim sizlarning rohatingizni ko‘rsinlar.

Shunday deydi-da, bir qo‘lida hassa, bir qo‘lida obdasta panaga o‘tadi. Birozdan so‘ng yuz-qo‘lini artib qaytib keladi. Qiyiqchani joynamoz qilib o‘t ustiga tashlaydi-da, pichirlab uzoq namoz o‘qiydi. Bolalar jimib qolishadi. Nihoyat u cho‘kkalab o‘tirgancha ovozini chiqaradi.

– Ilohi omi-in! Yurtimiz tinch bo‘lsin, u dunyo-yu bu dunyo qirg‘in-barot bo‘lmasin, ollohu akbar.

Bolalar-u qizlar chuvullashib baravar salom berishadi. Ermon buva alik oladi-da, chordana qurib o‘tiradi. Boyagi tugunni shoshilmasdan yechadi.

– Qani qoravoylar! Qani popuklar, – deydi qandaydir tantanavor ohangda. – Dasturxonga marhamat. Uyalmanglar, tasadduqlar!

Dasturxonda zog‘ora nonmi, arpa nonmi bo‘lgan kuni hammamizga bayram. Ko‘pincha unisiyam bo‘lmaydi, bunisiyam. Biroq tutmayiz albatta bo‘ladi. Tutmayizni yeb olsangiz darrov qorningiz to‘yadi. Shunaqa shirin, shunaqa mazali! Men bir kaft mayizni og‘zimga tashlayman-u uyga g‘irillayman. Oyim albatta choy damlab qo‘ygan bo‘ladi. Olma choymi, boshqami, ishqilib choy-da! Shundoq qilib hammamiz birgalashib ovqatlanamiz. Oxirida Ermon buva dasturxonga fotiha o‘qiydi.

– Yaratgan ne’matingga shukur! – deydi ingichka ovozda. – Ilohi omi-in! Yurtimiz tinch bo‘lsin, u dunyo-yu bu dunyo qirg‘in-barot bo‘lmasin, ollohu akbar!

Ana undan keyin Oltmishvoyning ta’rifi boshlanadi. Oltmishvoy Ermon buvaning o‘g‘li. Habiba buvi ko‘p tuqqan. Hammasi chillasi chiqmasdan o‘lib ketgan. Ammo Oltmishvoy boshqacha yigit-da! Bittayam kasal bo‘lmagan. Menday paytida otni egarlab o‘zi choptirgan. Jo‘raboshimizday bo‘lganida ketmon bilan bir tanob yerni hash-pash deguncha ag‘darib tashlagan. Oltmishvoy ana shunaqa yigit!

Avvaliga Habiba buvi oltmishta tuqqani uchun Oltmishvoyning oti shunaqa deb o‘ylagan edim. Yo‘q, keyin tushundim. Oltmishvoy Ermon buva oltmishga kirganda tug‘ilgan ekan.

– Mening Oltmishvoyimdaka yigit dunyoda yo‘q, – deydi Ermon buva har kungi gapini qaytarib. – Bunaqa yigitni Xudo bitta yaratgan-u qolipini sindirib tashlagan!– U o‘zining hikoyasidan o‘zi zavqlanib ketadi. Nosqovog‘idan kaftiga mo‘lroq solib tilining tagiga tashlaydi. – Mana, hozir nemisning dodini berib yuribdi. O‘ziyam Azob dengiz degancha bor-da, tasadduq! Bir shamol tursa bormi, har suv ko‘tariladiki tog‘dek keladi. Ammo mening Oltmishvoyim azobdan qo‘rqmaydi. Rosa savalayapti, pashist demaganni! Komandiri mazasi yo‘q bola ekan! Oltmishvoy giroy bo‘lib o‘ldi, deb yozibdi… – Ermon buva birdan jimib qoladi. Oppoq quyuq qoshining tagidagi ko‘zlari negadir yiltirab ketadi. Kuladimi, yig‘laydimi hech kim bilmaydi. – Mana, meni aytdi dersizlar, – deydi ovozi titrab.– Erta-indin kirib keladi. Qo‘sha-qo‘sha ordin taqib kirib keladi. O‘shanda kamandiriga xat yozaman. Oltmishvoyga aytib turaman, o‘zi yozadi. Sen bola, diyman, mazasi yo‘q bola ekansan, diyman. Mana, Oltmishvoyim keldi-ku, giroy bo‘lib kirib keldi-yu, diyman.

Ermon buva sukutga cho‘kadi. Bolalar ham, qizaloqlar ham jimib qolishadi. Ermon buva nosini tupuradi. Kaftining orqasiga labini artib sigiriga qarab qo‘yadi.

– Oltmishvoyim kelsa sigirni sotib to‘y qilamiz, – deydi orzimandlik bilan. Keyin hassasini chertib xirgoyi qiladi:

 
«Tolda chumchuq sayraydi, ko‘rsam ko‘nglim yayraydi…»
 

Ermon buva qo‘shiq aytadi. Men bo‘lsam unikiga oyim bilan borganim, Oltmishvoyning suratini ko‘rganimni eslab ketaman. Aslida Ermon buvaning uyi hammamizniki. Ayniqsa tut oqarishi bilan qishloqning hamma bolasi Ermon buvanikiga ko‘chib boradi. Uning devori juda past. Eshak minib o‘tsangiz, hovlisi ko‘rinib turadi. Lekin bu hovliga devorning keragiyam yo‘q. Eshik doim ochiq turadi. Kirib borishingiz bilan doka ro‘molini u yoqqa tashlagan, bu yoqqa tashlagan Habiba buvi peshvoz chiqadi.

– Voy uyingga bug‘doy to‘lgurlar, voy ko‘paygurlar, kela qolinglar, – deydi ovozi tovlanib. O‘sha zahoti bolalar tutga tarmashadi. Tut ham egasiga o‘xshagan. Hovlining yarmini egallab yotadi-yu, ammo tik o‘sganmas. Shoxlari tarvaqaylab ketgan. Bemalol osilib chiqaverasiz. Shundoq bo‘lsayam, Habiba buvi bolalarni tutga chiqarmaydi.

– Hoy ko‘paygur, osilma! – deydi chirqillab. – Yiqilib ketasan. Hozir buvangni chaqiraman!

Zum o‘tmay ayvon yonboshidagi pastak hujradan hassasiga tayanib Ermon buva chiqadi.

– Iye-iye, qoravoylar, kep qopsizlar-da! – deydi quvonib. – Qani, kampir, chodirni opchiq.

Habiba buvi qirq yamoq bo‘lib ketgan chodirni olib chiqadi. Kamida o‘ttizta bola qaldirg‘ochdek tizilib chodirning to‘rt tarafidan ushlab turadi. Ermon buva oqsoqlagancha tut tagiga boradi-da, inqillab-sinqillab shoxga minadi. Habiba buvi pastdan turib uzun tayoq uzatadi. Ermon buva «Bismillo» deb tayoqni bir urishi bilan duv etib tut yog‘iladi. Tut bo‘lgandayam shunaqangi tutki, har bittasi pilladek keladi. Bolalar chodirni qo‘yib yuborgancha qiy-chuv qilib o‘rtaga tarmashadi. Yuqorida Ermon buvaning ingichka tovushi keladi.

– Shoshmanglar, popuklar, shoshmanglar, qoravoylar, yana besh-o‘n marta qoqay, hammalaringga yetadi.

Qarabsizki, hammamiz tutga to‘yib olamiz. Ayvonda esa uchta kattakon xum qatorlashib turadi. Har bittasi mendek keladi. Habiba buvi shinni pishirib shu xumlarga to‘ldirib qo‘yadi. Qish bo‘yi qachon kelsangiz, shinniga to‘yasiz.

Shunday qilib, Ermon buva har qachon Oltmishvoyni gapirganida oyimga ergashib ularnikiga borganim esimga tushadi. Ayni tut pishig‘i edi. Ermon buva tut qoqib berdi. Habiba buvi yuvib, tozalab sopol laganga to‘ldirib keldi. Maza qilib yedik. Keyin Habiba buvi kuyunchaklik bilan tushuntirdi.

– Tut yurakni o‘rtab yuboradi, ko‘paygurlar. Yuringlar, choy ichamiz.

Oldinma-keyin tizilishib pastak hujraga kirdik. Tokchalarga eski barkashlar bezak qilib qo‘yilgan xonaga kirishim bilan eng avval nonga ko‘zim tushdi. Bunaqangi chiroyli nonni birinchi ko‘rishim edi. Ustiga sedana sepilgan, qip-qizil patir non. Qiziq, nonni negadir devorga mixlab qo‘yishibdi. Bir chekkasi kemtik.

– Oyi-i, non! – dedim yalinib.

Oyim yarq etib qaradi-yu, labini tishlab bosh chayqadi. Bildimki, onam uyalyapti. Endi Habiba buviga tarmashdim. Bilaman, dunyoda Habiba buvidan saxiy odam yo‘q.

 

– Buvi, non, – dedim yana o‘sha ohangda. Devordagi nonni ko‘rsatdim. – Buvi, no-o-on!

Qiziq, negadir Habiba buvi bu safar saxiylik qilmadi.

– Bu nonga tegib bo‘lmaydi, ko‘paygur, – dedi boshimni silab. – Qorningni qorachig‘idan aylanay, tegib bo‘lmaydi. Bu non Oltmishvoy akangniki. Ko‘rdingmi, bir chetini tishlab ketgan. Kelganida yana bitta tishlaydi-da, qolganini senga beraman. Ana, Oltmishvoy akang ham senga qarab turibdi.

Qarasam, nonda chindan ham Oltmishvoy akaning tishlagan izi ko‘rinib turibdi. Nonning tagida esa o‘zining surati. Surat negadir sarg‘ayib ketgan. (Habiba buvining ko‘z yoshi tomaverib sarg‘ayib ketganini keyin tushunganman.) Suratda dengizchilarning kokildor shapkasini kiygan qop-qora yigit jilmayib turibdi.

– Qurut yeysanmi? – dedi Habiba buvi yana boshimni silab.

Oyimga qarasam, qovog‘ini solib turibdi. Indamay qo‘ya qoldim. Tashqariga chiqqanimizdan keyin onam dashnom berdi.

– Uyatga o‘ldirding-ku, bolam. Nonni Oltmishvoy akangga atab qo‘yishibdi, bildingmi? Oltmishvoy akangdan qoraxat kelgan, tushundingmi?

Nimani tushundim, nimani tushunmadim, bilmayman-u, ammo Ermon buvaning gaplariga ishongim keladi. Erta-indin Oltmishvoy aka giroy bo‘lib keladi. Ermon buva uning komandiriga xat yozdiradi. Sen yaxshi bolamas ekansan, deydi. Mana, Oltmishvoyim giroy bo‘p keldi-ku, sen bo‘lsang uni o‘ldi deyapsan, deydi… Keyin ola sigirni sotib to‘y qilishadi.

Ermon buva Oltmishvoy akaning ta’rifini rosa keltirganidan keyin har kuni aytadigan afsonasini boshlaydi. Shu cho‘pchagi menga hech yoqmaydi: qo‘rqaman. Ammo hadeb qaytaravergani uchun yodimda qolgan. Qiziq, negadir jo‘raboshimiz xuddi shu cho‘pchakni yaxshi ko‘radi.

– Buva, – deydi yalinib. – U yurt bilan bu yurtni aytib bering.

Ermon buva jon deb rozi bo‘ladi.

– Bo‘pti, qoravoylar, popuklar, yaqinroq kelinglar.

Aytmoqchi, Ermon buva hech qaysimizni otimizni bilmaydi. O‘g‘il bolalarning hammasi uning uchun qoravoy, qizlarning hammasini oti popuk. Bundan tashqari hech kimni sen demaydi, hammani sizlab gapiradi.

U nosni yana otib oladi-da, afsonasini boshlaydi:

– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan… Bir-biri bilan qo‘shni turadigan ikkita yurt bor ekan. – Ermon buva birdan jimib qoladi-da, qizlardan biriga dashnom beradi. – Hoy popuk, ukangizni burnini artib qo‘ying, tasadduq!

«Popuk» birovning ukasi bo‘lsayam, etagini qayirib yonida o‘tirgan bolaning burnini artishga majbur bo‘ladi.

– Barakalla! – deydi Ermon buva mamnun bo‘lib. – Shundoq qilib desangiz, u yurtdagilar ham, bu yurtdagilar ham tinchgina bug‘doyni sepib, molini boqib yurarkan. Ammo-lekin tasadduqlar, g‘alamis degani o‘sha zamonlardayam bor ekan-da! O‘rtaga g‘alamis aralashib ikki yurtning orasini buzibdi. U yurtning ichiqora odamlari o‘z podshosini yo‘ldan uribdi. «Bu yurtda shunaqangi yaylovlar borki ot minib uch kun choptirsangiz u boshidan bu boshiga yetolmaysiz», debdi. «Bosib olsangiz xazinangiz oltinga to‘ladi», debdi. Bu yurtning ichiqora odamlariyam o‘z podshosini ko‘ngliga g‘ulg‘ula solibdi. «U yurtda shunaqangi bog‘-rog‘lar borki, jannatga o‘xshaydi», debdi. «Bosib olsangiz xazinangiz oltinga to‘ladi», debdi.

Ermon buva nosini tupurib birdan Toyga ko‘zi tushib qoladi.

– Iya, qoravoy, sizniyam burningiz oqib ketdi-yu, artib oling, tasadduq!

– Qo‘yavering, buva! – deydi jo‘raboshimiz bilag‘onlik qilib. – Artgani bilan foydasi yo‘q. Buniki qaynab chiqaveradi.

Toy jahl bilan «shilq» etib burnini tortadi. Zum o‘tmay yana oqib ketganiga parvo qilmaydi. Ermon buva bo‘lsa berilib hikoya qiladi.

– Shundoq qilib, u yurtning podshosi ham, bu yurtning podshosi ham lashkar to‘plashga kirishibdi. Tag‘in qanaqa lashkar deng! Har bittasi mening Oltmishvoyimga o‘xshagan norg‘ul yigitlar emish. Yigitlarning mo‘ysafid otalari, keksa onalari g‘amboda bo‘lib qolishibdi. Urushdan kimga foyda-yu, kimga ziyon, deyishibdi. Urush qilib xazinasini boyitadigan podsholar-u bolamizni ajalning og‘ziga yuboradigan bizmi, deyishibdi. Ammo kambag‘alning dodini kim eshitardi, tasadduqlar! U yurtning lashkari bu yurtnikiga ot suribdi. Bu yurtning lashkari u yurt ustiga bostirib boribdi. Shundoq qilib desangiz, qirg‘in-barot boshlanibdi. Ne-ne oydek qizlar oyoqosti bo‘pti, beshikdagi bolalar onasidan, onalar bolasidan ayrilibdi. Popukday qizlar, nozaninday juvonlar, norasida bolalar Xudoga nola qilishibdi. «Podsholar bir-birining yurtini bosib olaman desa bizda nima gunoh», deyishibdi. «Nimaga bizni onamizdan judo qilasan, akamizdan ayirasan?» deyishibdi. Lekin ularning nolasi Xudoga yetib bormabdi.

Ermon buva jimib qoladi. Xazinasini oltinga to‘ldiraman deb urush ochgan u yurtning podshosini ham, bu yurtning podshosini ham yomon ko‘rib ketaman. Onalarni bolasidan, bolalarni onasidan judo qilgan u yurtning g‘alamis odamlarini ham, bu yurtning g‘alamis odamlarini ham yo‘q qilib tashlagim keladi.

– Iya, qoravoy, ishtonni ko‘taring, ishtonni, – deydi u kulimsirab. – Bulbulingiz ko‘rinib ketdi-ku, tasadduq.

Shosha-pisha ishtonni ko‘taraman.

– Barakalla, tasadduq! – deydi Ermon buva jilmayib.– Umringizdan baraka toping… Shundoq qilib, qirq yil qirg‘in bo‘libdi. U yurt ham, bu yurt ham vayronaga aylanibdi. Yo tavbangdan ketay, tasadduqlar, ne-ne daryolar qurib ne-ne bog‘lar kultepaga aylanibdi. Boringki, yilt etgan bitta giyoh qolmabdi. Tikkaygan bitta daraxt qolmabdi. Jamiki parrandalar-u darrandalarga qiron kepti. Oxiri daraxtlar-u o‘t-o‘lanlar, daryolar-u qushlar Xudoga nola qipti: «Urushni qiladigan-ku odamlar, bizda nima gunoh», debdi. «Sen bizni odamlar uchun yaratgan eding-ku, nimaga odamzod bizga qiron keltiradi», debdi. «Odamzodning fe’li shunaqa yomon bo‘lsa biz nima qilaylik», deb yig‘lashibdi. Ana o‘shanda Olloyi taoloning qattiq qahri kepti. U yurtni ham, bu yurtni ham cho‘l-biyobonga aylantirib tashlabdi. U yurtda ham, bu yurtda ham, bironta qimirlagan jon, na bitta daraxt, na bitta o‘t-o‘lan, na bir tomchi suv – hech nima qolmabdi. O‘shandan buyon oftob ham shu yurtlarni chetlab o‘tarmish. Shamol yaqiniga bormasmish. Qush uchmasmish. U yurt ham, bu yurt ham zimistonga aylanib qolgan emish.

Ermon buva nosini tupurib chuqur xo‘rsinadi. «Ana shunaqa gaplar», degandek ma’nodor bosh chayqab qo‘yadi.

– Mana, tasadduqlar, pashist deganiyam jazosini oldi-ku. Meni Oltmishvoyim ham pashistni jazosini beraman deb qilich o‘ynatib yuribdi-da. Bo‘lmasa Azob dengizda suzish osonmi! – U menga qarab ko‘zini qisib qo‘yadi. – Oltmish akangizni-chi qilichi bor. Alpomishnikiga o‘xshab qirq gaz keladi. Qaytib kelgandan keyin o‘sha qilichni sizga beraman.

…Ermon buva va’da qilgan Oltmishvoy akaning qirq gazli qilichi menga nasib etmadi. Uning o‘zi ham, qilichi ham urushdan qaytmadi. O‘sha yili birinchi qor tushgan kuni Ermon buva yana bitta afsona aytib berdi. Bu cho‘pchakni atigi bir marta aytgan bo‘lsa ham negadir xotiramda saqlanib qoldi.

Kechqurun Ermon buvaning ayvoniga to‘plandik. Tashqarida gupullab yirik-yirik qor yog‘ar, ayvon oldiga o‘zimiz tut qoqib yegan qirq yamoq chodir tutib qo‘yilgan, sovuq edi. Hammamiz sandalga oyoq tiqib o‘tiribmiz. Oyoq iligani bilan badandan muz o‘tib ketgan. Sandal ustiga bir qop ko‘sak uyub tashlangan. Ermon buvaning aytishiga qaraganda o‘n pud ko‘sakni chuvish zimmamizga tushgan emish. Ertagacha chuvib bo‘lmasak, brigadir Haydar shamol xafa bo‘larmish. Ko‘raklar sovuqda muzlab qolgan, ushlasangiz qo‘lingizni uzaman deydi. Ikkita tokchaga bittadan lip-lip chiroq qo‘yilgan. Chiroqlarning piligi lipillagan sayin xotinlarning devordagi bahaybat soyalari ham afsonaviy devlardek sakrab-sakrab ketadi. Xotin-xalaj indamay ko‘rak chuviydi. Bir qopi tugashi bilan Ermon buva ikkinchi qopni eski dasturxonga ag‘daradi… Qo‘lim akashak bo‘lib qoldi. Buning ustiga ko‘rak tikandek qotib qolgan. Paxtasini sug‘urib olguncha tirnog‘ingiz orasiga kirib qonatib yuboradi. Ermon buva menga qarab-qarab qo‘yadi.

– Qo‘lni isitib oling-da, qoravoy!

Oxiri onamning ham toqati toq bo‘ldi.

– Paxtasiyam o‘lsin! – dedi zorlanib. – Qo‘limda qo‘l qolmadi-ya!

Ermon buva sokin bosh chayqadi.

– Unaqa demang, Poshsha qizim, – dedi ingichka ovoz bilan. – Gunoh bo‘ladi. Paxta jannatdan chiqqan, tasadduq!

U qishda ham delvagay ochib yuradigan yaktagining cho‘ntagini uzoq kavlashtirib nosqovog‘ini topdi. Tagiga uch-to‘rt urib nos otdi.