Бир бола бор

Tekst
0
Recenzje
Przeczytaj fragment
Oznacz jako przeczytane
Jak czytać książkę po zakupie
  • Czytaj tylko na LitRes "Czytaj!"
Бир бола бор
Czcionka:Mniejsze АаWiększe Aa

UMID

 
She'r o‘qimas bolajon,
She'rni qanday anglasin?
Nahot eshitmagan u
Onasining allasin?
 
 
She'r o‘qimas bolajon
She'rni qanday yodlasin?
Lekin qo‘shiqni tinglab,
Ohangidan shodlansin.
 
 
Mening bu bolajondan
Shu-chun ko‘nglim to‘q, axir:
Qo‘shiqni tinglab,anglab,
She'rga ochmoqda bag‘ir.
 

TELEVIZOR

 
Gulnoz tug‘ilgan kunda
To‘satdan chiroq o‘chdi.
Ayrim mehmonlar shunda
Tezroq ketishga tushdi.
 
 
Ularni to‘xtatib der
Xomush o‘tirgan Gulnoz:
-Televizor qo‘yaylik,
Uyni yoritar bir oz…
 
 
Televizorni qo‘yib
yuboring, oyi!
Ko‘rinadi hammaning
o‘tirgan joyi…
 

YULDUZLAR

 
Derazamdan kechasi
Osmonga qarab yotdim.
Son-sanoqsiz yulduzlar
Nurini tarab yotdi.
 
 
Ular bilan do‘stlashib,
Xayollarga cho‘mdim men.
Keyin xayr-xo‘shlashib,
Asta ko‘zim yumdim men.
 
 
Uzun xayol uyquga
Boshlab ketibdi, qarang.
Tongda tursam yulduzlar
Tashlab ketibdi, arang…
 

SO‘RI

 
Eshigimiz oldida,
So‘rida,
Qanday o‘ynar ekanmiz,
Ko‘ring-da.
 
 
So‘ri-so‘ri emas,
Ko‘k kemamiz.
Kapitan, matrosi yo‘q
Demangiz.
 
 
Bir yaxshilab joylashib
Olinglar.
Qani yo‘lga chiqdiik,
Xush qolinglar!..
 

SINOVCHI BOLA

 
Qarg‘a boqib ko‘rdi u
yuz yoshini ko‘ray deb.
Chinor ekib ko‘rdi u
ming yoshida yuray deb.
 
 
Qarg‘asi o‘lib qoldi,
issiqda lohas bo‘lib.
Chinori so‘lib qoldi
undan bo‘yi past bo‘lib.
 
 
Sinovchi bola endi
jo‘jani yurar sizlab.
Odamdek so‘zlashar deb,
yangi kashfiyot izlab.
 

MASLAHAT

 
Soat bir dam tinmay hech
Chiq-chiq etib yuradi.
Qolmay deb maktabdan kech,
Shavkat shoshib turadi.
 
 
Nonushta qilib tez-tez,
Qarab qo‘yar soatga.
Buni ko‘rgan jajji qiz
Muhabbat der Shavkatga:
 
 
-Aka, maylimi biroz
Men soatni to‘xtatsam?
Nonushta qilarsiz soz,
Shunda shoshilmaysiz ham…
 

MAKTABIM

 
Tashnadirman ilmga,
Yuraman seni maqtab,
Nur to‘shading yo‘limga.
Qadrdon ona maktab!
 
 
Mehring bilan yosh yurak
To‘lib-toshdi limmo-lim.
Bo‘lib bilimdon, ziyrak
Yulduzga yetdi qo‘lim.
 
 
Kitobingning har satrin
O‘qirkanman, dil cho‘g‘dir!
Degayman, bilimdan zo‘r,
Qudratli qurol yo‘qdir.
 

QIZGINA

 
Qarashlari beozor,
Qiziquvchan qizgina.
Ne deb, ne qilsak uqib,
Oladirsan tezgina.
 
 
Bolalikning baxt izlar
Yo‘llarida turibsan.
O‘zingdek pok, beg‘ubor
Xayollarni suribsan.
 
 
Yeru osmon orasi
Bilsang,bir laxzalik yo‘l.
Ona yerni asrashda
Shunday tiyrak, ziyrak bo‘l!
 

AKAMNING KITOBI

 
O‘qishlarim qiyindir
Bir-biridan.
Lekin "besh"im tayindir,
Algebradan.
 
 
"Besh" olmoqlik osonga
Tushmaydi rosti.
"Suflyor" ham bir og‘iz so‘z
Qo‘shmaydi rosti.
 
 
To‘g‘ri yozib qo‘yilgan
Javob kitobda.
Akam usta edi-da,
axir hisobda!..
 

OG‘RIQ TISH

 
Haydaralining tishi og‘ridi.
Oldirish uni ko‘p og‘ir edi.
Kecha-kunduzi lunjini ushlab,
Uzolmay qoldi hatto non tishlab.
 
 
Bu og‘riqlardan yurakni tig‘lab,
O‘zin tutolmay yubordi yig‘lab.
Shu singan, qora tish deb ezildi.
Tishi ham undan zo‘rg‘a uzildi.
 
 
Rosa quritib, tinkasini tish.
Band etdi doktor bankasini tish.
Endi turar jim ogoh etganday.
Dardning oldini oling,– deganday.
 

BAHOR YOMG‘IRI

 
Bulut ko‘ksini tilib,
Qo‘yvor,– deb shoshirasan.
Yerda-chi, sho‘xlik qilib,
Ariqni toshirasan.
 
 
Sen bahorning yomg‘iri,
Bahordek g‘uboring yo‘q.
Goh yog‘asan bemavrid,
Desak-da, xumoring yo‘q.
 
 
Charchatasan shaloblab,
Tiniq chashma, bulog‘im.
Bog‘cha opamlar boplab,
Cho‘zib qo‘ysin qulog‘ing!..
 

OYMOMA

 
Osmonga chiroqsan,oymoma.
Nimaga yiroqsan, oymoma?
Yulduzni yetaklab yurasan.
Nuringni etaklab berasan.
 
 
Yurishing o‘xshaydi kemaga.
Yiqilib ketmaysan nimaga?
 
 
Qayoqqa shoshasan har kuni?
Bildirib tun-kunning farqini?
 
 
Oymoma indamas, ehtimol,
Der, o‘zing kel, barin bilib ol.
 

KALIT QANI?

 
-Kalit qani, kalit qani?
Shu yerda turgandi-ya?
Shu kalitni Abdug‘ani,
Sherzod ham ko‘rgandi, a?
 
 
Yelka qisar Abdug‘ani,
«Sherzod kirdi,chiqdi,»– deb.
«Bundoq turib, mana bundoq
Cho‘ntakka qo‘l tiqdi,»– deb.
 
 
«Voy, bu nima, cho‘ntagimga
Tushib olgan kalit-ku!
So‘zlarimdan uyalgancha
Berkinib olibdi-ku»…
 

"AMALLAYAPMAN…"

 
Bir Alisherdan
Gap so‘rab ko‘ring.
Bijirlab ketar,
Deb,– siz jim turing.
 
 
Bir Alisherga
Buyuring-a ish.
O‘zim qilay, -deb
Orttirar tashvish.
 
 
Uyalib qoldim,
"Bolasan" deb man.
"-Bola bo‘lsam ham
Amallayapman!"..
 

YOMG‘IR

 
Go‘yo qo‘ng‘iroq,
hovli
Chuvillab ketdi,
 
 
Bolajonlar
bir-birin
Quvalab ketdi.
 
 
Qo‘ng‘iroq chalib
yana
Jimib qoldi yer.
 
 
Barglarni yuvgan suvni
Shimib oldi yer…
 

MASALA

 
To‘g‘ri ishlamabsan-ku,
Masalani, Vazira.
Kechagi "besh"dan keyin
"Ikki" qo‘yarkanmiz-da!"
 
 
Nega to‘g‘ri bo‘lmasin,
Axir, qarang yaxshilab.
Chunki bunisini ham
Dadam berganlar ishlab.
 

YIG‘LOQI

 
Yig‘loqi qiz emishman,
Menga shunday deyishdi.
Yig‘loqisan,-deb battar
Yoshim qo‘shib yeyishdi.
 
 
Yeyishdi yeganlarim:
Shirin kulcham, konfetim.
To‘g‘risi, yoshga qo‘shib,
Ularni o‘zim yedim.
 

TOZA JOY

 
Qorni ochsa yig‘lashni
Bilar ukam baqirib.
Qushchadek chug‘-chug‘lashni
Bilar bizni chaqirib.
 
 
O‘rnini xo‘l qilib u,
Yana dod-voy qiladi.
O‘zi jimjiloqdegu,
Toza joyni biladi.
 

GILAMDAN

 
Uyga kirdi Shavkatjon,
Oyoq-qo‘li chang, tuproq.
Polni yuvgandim hozir,
Jaxlim chiqdi-yu shu choq,
 
 
-Pol bosib kelgandirsan,
Deb so‘rasam ukamdan,
Deydi,-Xavotir olmang,
Yurib keldim gilamdan.
 

ATTANG-A!

 
Vazira vazifani
Bugun ishlab kelibdi.
Misolni oson yechish
Yo‘lin qaydan bilibdi?
 
 
Ustozi qoyil qolib,
Rahmat, desa, otangga,
– Dadam ishlab berganin
bildingiz, der, attanga…
 

KO‘ZGU

 
-Oyoq-qo‘ling shilingan,
Nazar solgin o‘zingga.
Axir yursang bo‘lmasmi,
Bunday qarab ko‘zingga?
 
 
-Ko‘zingga qarab yur, deb
Qiziq gap aytdingiz-ku!
Buning uchun endi men
Olib yuraymi ko‘zgu?
 

DADALAR

 
-Mening dadamlar doktor,
Mening dadam injener.
-Mening dadamlar yo‘qdir,
Oyim doim ishda, der.
 
 
-Dadam uydalar, kasal…
Dadam zavodda master.
-Mening dadamni bo‘lsa
Buvim piyonista der..
 

ICHINGIZDA

 
Aka, o‘qing kitobni
ichingizda.
Uxlay olmay yotganim
bilingiz-da!
 
 
Endi pichiringizdan
to‘ydim juda.
O‘qing-da, ichingizning
Ich ichida!
 

QULOQ

 
Abduxalil cho‘zilib,
Qizargan qulog‘ini.
Ushlagancha o‘y surib,
Takrorlar so‘rog‘ini:
 
 
Nega odam qulog‘i,
Tekis emas, burishqoq?
Dazmollasam dars chog‘i
Eshitarmi yaxshiroq?..
 

OYOG‘IM "YURAGI"

 
Voy-voylab, ushlab oyoq
Yig‘lab qoldi Alisher.
Ne gap? – deb, qilsak so‘roq.
Chuchuk tilda shunday der:
 
 
-Dumalab kelib tegdi,
Mashinam g‘ildiragi.
O‘shanga og‘riyapti
Oyog‘imning "yuragi…
 

ABDUMAJID

 
Abdumajid toy-toy,
Buvalari boy-boy.
Mol bozorga borganda
Olib kelar toy-toy.
 
 
Toyni minib kattakon
Ot qiladi, toy-toy.
Otni minib, hammani
Mot qiladi, toy-toy…
 

ABDUBOSIT

 
Abdubosit nabiramning
Ko‘zi juda suzuk-da!
Xusni uning nush xulqiga
Ko‘z qo‘ygandek uzukka.
 
 
Mehru oqibati o‘sar
Bo‘yi bilan barobar.
Akasi va ukasidek
Hamma unga barobar.
 

SAMIRA

 
Sen hali ulg‘ayib,
Oy qiz bo‘lasan.
Kulgusi shalola,
Soy qiz bo‘lasan.
 
 
Qo‘llarda xinolar,
Qoshlarda o‘sma,
Sochlari qirq kokil,
Boy qiz bo‘lasan.
 
 
Parivash chehrangda
Baxting balqadi,
Ko‘zingda momolar
Mehri qalqadi.
 
 
Ismi ham jismiga
Mos qiz, Samira.
Ishi ham, gapi ham
Rost qiz, Samira.
 

BIZGA O‘XSHAR

 
Yozda qaray olmasdim,
Quyoshga.
Tik qarasam to‘lardi
Ko‘z yoshga.
 
 
Qishda boshqacha bo‘lib
Qolibdi.
Bulutlarga o‘ralib
Olibdi.
 
 
Issiq kiyimlar kiyib
Yuribman.
Quyoshga tikka qarab
Turibman.
 
 
Yoqimli xayollarga
Berildim.
Quyosh bizga o‘xsharkan,
Deb bildim.
 

SAXIYLIK

 
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
Yozda quyosh, qish kuni
Qor bo‘ralab o‘tadi.
 
 
Quyosh so‘nar, qor tinar,
Oyning nuri-o‘shadir.
Quyoshdan qarz olib nur,
Nurga mehrin qo‘shadir.
 
 
Ayamaydi bo‘lishni,
Boshim uzra kulishni,
Tillaqoshdek tovlanib,
Kanda qilmas to‘lishni.
 
 
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
O‘rgatib saxiylikni,
Bor mehrini tutadi.
 

OYNI OLIB BERING

 
-Oyi, oyni olib bering,
Olib bering quyoshni.
Cho‘ntagimga oyga qo‘shib,
Solib bering quyoshni.
 
 
Bu gapingdan oy-quyoshning
Hushi uchib ketadi.
Seni ko‘rsa osmonidan
Suvga tushib ketadi.
 
 
-Suvga tushsa qarmog‘imni
Solib tutib olaman.
Xushi uchsa pufak qilib
Bog‘laydigan bolaman.
 
 
-Sen shunaqa hamma ishga
Qodir bola bo‘l, bolam.
Zukko, ishchan bolalarga
Charog‘ondir bu olam.
 
To koniec darmowego fragmentu. Czy chcesz czytać dalej?