Czytaj książkę: «Bolalarga Tushunarli Islom»

Czcionka:

© Sardor Nabievich, 2021

ISBN 978-5-0055-2983-1

Created with Ridero smart publishing system

Mehribon va Rahmdil Alloh nomi bilan!

Aziz bolajonlar!

Albatta, siz Alloh haqida kattalardan eshitgansiz va siz musulmon ekanligingizni bilasiz. Yer yuzidagi birinchi odamning ismini bilasizmi? Farishtalar kimliginichi? Ibodat qilishni ham bilasizmi?

Ushbu rang-barang kitobda siz ko’plab savollarga javob topasiz, Xudoning payg’ambarlari haqidagi qiziqarli hikoyalarni o’qiysiz, shuningdek, siz kabi dinimiz – Islom haqida iloji boricha ko’proq ma`lumot olishga intilgan kichkintoylar Oysha va uning akasi Abdulloh bilan tanishasiz.

Bundan tashqari, ushbu kitobda Qur’ondan bir nechta kichik suralar keltirilgan bo’lib, siz ularni mustaqil, yoki ota-onangiz bilan o’rganishingiz mumkin. Qur’on Allohning kalomidir, shuning uchun kitob bilan ehtiyotkorona munosabatda bo`ling, yirtmang va sahifalarini iflos qilmang, kitobni nopok joylarga qo’ymang.

Rasmlarni ko’rib chiqayotganda payg’ambarlar yoki farishtalarning suratlarini izlamang, chunki ularni tasvirlash Alloh tomonidan taqiqlangan. Umid qilamizki, bu kitob siz uchun yaxshi do’st va o’qituvchi bo’ladi hamda chin musulmon bo’lishingizga yordam beradi. Alloh sizni o`z panohida saqlasin!

Qadrli Ota onalar!

Qo’lingizdagi ushbu kitob musulmon farzandlarni, rasullar sayyidining hidoyati asosida tarbiya qilishga mo’ljallangan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir bola tabiatan musulmon bo’lib tug’iladi va faqat ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki olovga siginuvchi qiladi»(Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Yodingizda bo’lsin, Alloh farzandlaringiz tarbiyasini sizga ishonib topshirdi. Bu sizning U bilan kelishuvingizdir (amanat). Shuning uchun, bolalarga ularning dinlari haqida ma’lumot berish imkoniyatini boy bermang. Ushbu kitob, albatta, sizga yordam beradi. Uni bolalarga ovoz chiqarib o’qing, rasmlarni birgalikda ko’rib chiqing, o’qiganingizdan keyin savollar bering. Bolalar bu kitobning qahramonlari bilan birga ibodat va Qur’onni o’rgansin, lekin unutmangki, siz ular uchun eng yaxshi namunasiz. Islomning barcha ahkomlari va amrlariga rioya qilishingiz ularni musulmon qilib tarbiyalaydi.

Muhim eslatmalar:

1. Bolalar kitobining matnini soddalashtirish uchun arabcha so’zlar va Qur’on oyatlarining transkripsiyasi rus alifbosining harflari yordamida berildi, bu esa har doim ham arab harflarining to’g’ri talaffuziga mos kelmaydi. Masalan, arabchadagi lab-lab tovushi [в] rus tilidagi lab-tish undoshi [в] singari emas, ingliz tilidagi [w] kabi talaffuz etiladi. Shuning uchun, barcha arabcha atamalar va transkripsiyalarda (masalan, vudu, tavof) u [w]: [wudu], [tawof] deb o’qilishi kerak.

Istisno tariqasida transkripsiyada h harfi qo`llanilgan bo’lib, u arab tilidagi harfining tovushini ifoda etadi (ukrain tilidagi [г] yoki ingliz tilidagi [h] tovushiga o`xshash). «Alloh» so’zi [Alloh] deb talaffuz qilinishi kerak

2. Payg’ambarimiz Muhammad (S.A.V) keltirilgan har bir o`rindan keyin biz an’anaviy ravishda salovot aytamiz, mazkur kitobda u arabcha ligatura bilan ifodalandan:

Uning o`qilishi quyidagicha: sallalohu alayhi vasallam («Alloh taolo ul zotga oʻzining salavot va salomini nozil etsin).

Boshqa payg’ambarlarni tilga olingandan so’ng belgisi bor. Uni arab tilida quyidagicha o’qiymiz: Alayhis salom (unga salom boʻlsin).

3. Ushbu kitobda suralarning ta’rifi hanafiy mazhabiga muvofiq berilgan.

Alloh bizning ishimizni qabul aylasin va ushbu kitobni o’qigan har bir kishiga yaxshilik keltirsin! Farzandlarimizga go`zal tarbiya berishda uning O`zi qo`llasin, chunki Alloh eng yaxshi o’qituvchidir!

Omin

MUHAMMAD (s.a.v)

Mening kichkintoylarim! Bugun siz shukunga qadar yer yuzida yashagan odamlar ichida eng goʻzali bilan tanishasiz! Uning hayotida turfa moʻjizalar va hayajonli voqealar sodir boʻlgan. Bu ajoyib inson juda uzoq vaqt oldin, toʻrtyuz yil avval, Arabiston yarim orolining keng choʻllarida joylashgan Makka shahrida yashagan. Uning ismi Muhammad ibn Abdulloh (s.a.v) dir. Bu zot yetti qavat osmonlarning barchasida boʻldi, u yerda oʻzidan oldin yashagan paygʻambarlar bilan suhbatlashdi. Muhammad (s.a.v) Yaratganning eng goʻzal yaratiqlarini koʻrdi va hatto u bilan muloqot qildi. Oʻsha paytda yashagan odamlar bu insonni sevib, hurmat qildilar va uni Muhammad Al-Amin (Halol Muhammad) deb atadilar.

Xalq unga shunchalar ishonar ediki, hatto unga mol-mulkini omonatga qoldirishga qoʻrqmas, uni oʻz nizolarida hakam sifatida tanlar edilar. Atrofidagi odamlar Alloh unga kichik yoshidanoq gʻamxoʻrlik qilayotganini payqashgan edi. Muhammad (s.a.v) atrofdagilarni xursand qilar va barchaga baxt keltirar edi.

Bu buyuk inson-bizning dinimiz boʻlgan Islom dinining paygʻambaridir, Mehribon Alloh tufayli biz musulmonmiz, Muhammad ibn Abdulloh (s.a.v) esa dunyodagi barcha insonlar orasida eng asosiy va sevikli boʻlgan paygʻambarimizdir. Barchasi uchun Allohga shukr aytaylik, bolajonlar! Endi esa keling, uning murakkab, ammo ajoyib hayoti haqidagi hikoyani tinglaymiz.

Muhammad (s.a.v) otasi Abdulloh bola dunyoga kelishidan avval vafot etgan. Kichkintoy Muhammadning onasi boʻlib, uning ismi Omina edi. Arablarda tugʻilgan chaqaloqlarni choʻlda yashaydigan badaviylarga berib katta qilish an`anasi bor edi. U yerda bolalar sogʻlom va kuchli boʻlib ulgʻayib, toza arab tilini oʻrganar edilar.

Muhammad (s.a.v) ni Halima As-Sa’diyya ismli ayol olib ketib, emizib katta qilgan edi. Chaqaloq bu ayolning qoʻlida xotirjam va baxtiyor boʻlib ulgʻayar edi. Oʻz navbatida emizgan ona ham bolani juda yaxshi koʻrar, chunki u bilan birga oilasi va butun Sa’d qabilasi uchun Allohning marhamati yogʻilgan edi. Bu qabila eng yomon, behosil yerlarda yashar, ularning qoʻylari yaylovlardan och qaytar edilar. Ammo Muhammad (s.a.v) Sa’d qabilasida yashay boshlagan vaqtdan bu odamlarning qoʻylari yaylovdan toʻyib kelar, koʻp sut bera boshlagan edi. Halima, uning farzandlari, eri va hatto qabilalari ochlik nimaligini unutishdi. Alloh ularga katta ne’matlar berar edi. Shuning uchun, Muhammad (s.a.v) ikki yoshga toʻlganida, Halima bolani qaytarib berishni istamadi. U onasidan bolani shahar kasalliklaridan uzoqroq joyda- toza havoda qoldirishini soʻradi. Omina bu taklifga rozi boʻldi va bola yana ikki yil davomida emizgan onasining uyida yashadi.

Bir kuni Muhammad (s.a.v) uyining yaqinida bolalar bilan oʻynab yurgan edi. Kattalarningning hech biri ularga yaqin emas edi. Toʻsatdan bolalarning yonida oq libosli erkaklar paydo boʻldi. Ular ikki farishta edi. Ular Muhammad (s.a.v) ni olib, koʻkragini yorib, undan yuragini chiqarib oldilar. Keyin farishtalar yurakdagi qora qon lahtasini chiqarib olib, «yuragingdagi bu parcha – shaytondandir» dedilar. Soʻng ular Zamzam bulogʻidan keltirilgan toza va musaffo suv solingan oltin togʻorani olib kelishdi. Farishtalar Muhammad (s.a.v) ning yuragini shu suvda yuvib uni avvalgi joyiga qaytarib qoʻyishdi.

Bolalar farishtalar Muhammad (s.a.v) ning koʻksini yorganini koʻrgach, qoʻrqib qochib ketishdi. Bir necha daqiqadan soʻng, kuchli qoʻrquv oʻtib kechgan, ular shoshilgancha Halimaning yoniga yugurib boradilar va Muhammad (s.a.v) ning oʻldirilganligini aytadilar. Halima bolalar koʻrsatgan joyga qarab yugurdi. Lekin, ajablanarlisi uning emizgan oʻgʻli tirik edi. Faqat uning oqarib ketgan yuzi gʻayrioddiy hodisa roʻy berganligidan dalolat berib turar edi. Shu paytdan boshlab Halima Muhammad (s.a.v) bilan yana nimalardir sodir boʻlishi mumkinligidan qoʻrqib qoldi. U bolani oʻz onasi Ominaga qaytarishga qaror qildi.

Lekin Muhammad (s.a.v) oʻz onasi bilan uzoq yashay olmadi. Olti yoshga kirganida, Omina vafot etdi. Uning oʻlimidan soʻng, yetim Muhammad (s.a.v) ni uning bobosi Abdul Muttalib tarbiyaladi. U nabirasini juda yaxshi koʻrar va unga gʻamxoʻrlik qilar edi. Lekin Muhammad (s.a.v) sakkiz yoshga toʻlganida bobosi ham vafot etdi. Bola oʻz amakisi, otasining ukasi Abu Tolib bilan yashay boshladi.



Abu Tolib yaxshi inson va mehribon amaki edi. U jiyani Muhammad (s.a.v) ni juda yaxshi koʻrar, unga gʻamxoʻrlik qilar va uni hayot qiyinchiliklari va yomon insonlardan himoya qilar edi. Bundan tashqari, Abu Tolib to vafotiga qadar -qirq yildan ziyod vaqt mobaynida yetim Muhammad (s.a.v) ga gʻamxoʻrlik qilib keldi. Ammo amakisi jiyani baxtli yashashi uchun astoydil harakat qilganiga qaramasdan, bola yoshligidan qiyinchilikda yashagan.

Abu Tolib kambagʻal boʻlib, uning koʻplab oʻz bolalari bor edi. Muhammad (s.a.v) amakisi uchun katta oilani boqish nihoyatda qiyin ekanini koʻrib oʻsdi. Bola juda mehribon va halim yurakka ega edi, shuning uchun biroz ulgʻaygach, amakisiga yordam berish uchun ishlashga qaror qildi. Muhammad (s.a.v) Makka atrofida qoʻy podalarini oʻtlata boshladi. Har yili bir oy davomida bola sahroda kun koʻrar edi. Uning atrofida faqat oʻsimliklar, osmon, yulduzlar va oʻzi boqib yurgan qoʻylar bor edi. Ana shunda boʻlajak paygʻambar uzoq vaqt Xudo haqida, uning bunday goʻzal va xilma-xil dunyoni qanday yaratganligi haqida fikr yuritar edi. Choʻlda sovuq boʻlib, bola kechasi sovuq qotar edi. Uning yonida kam yegulik boʻlar va u tez-tez och qolar edi.

Shuning uchun, boʻlajak paygʻambar, yoshligidan kambagʻal odamlar ochlik va sovuqdan qanchalik azob chekayotganligini bilar edi. Biroq biz Muhammad (s.a.v) Abu Tolib bilan yashashni boshlaganidan beri Alloh ularga madad berishini, bu katta oila bir kishi uchun yetarli boʻlmagan oziq-ovqat bilan ham qorinlari toʻya boshlaganligini aytishni unutdik.

Muhammad (s.a.v) oʻn ikki yoshga toʻlganida Abu Tolib oʻz qabiladoshlari- qurayshiylarning savdo karvoni bilan Suriyaga yoʻl oadi. Yosh Muhammad (s.a.v) amakisiga yordam berish va yangi joylarni koʻrishni juda istar edi. Muhammad (s.a.v) Abu Tolibni safarga oʻzi bilan birga olib ketishni soʻray boʻshladi. Amakisi rozi boʻldi.

Savdo karvoni Suriyaga kirib kelishi bilan qurayshiylar Busra qishlogʻi yaqinida dam olish uchun toʻxtadilar. Oʻsha joylarda taniqli rohib Bahira yashar edi. U nihoyatda donishmand inson boʻlib, Iso (s.a.v) paygʻambar oʻrgatgan ilmga amal qilar edi.

Bahira qurayshiylarning qoʻnogʻiga keladi. U savdogarlar bilan uchrashib, ularni oʻzinikida mehmon boʻlib ketishni taklif qildi.

Rohib Bahira qurayshiylarni juda muhim mehmonlar sifatida izzat-ikrom bilan kutib oldi. Keyin u savdo karvoni bilan qoʻshilib kelgan har bir kishini aylanib chiqdi. U kimnidir qidirayotganga oʻxshardi. Toʻsatdan u soʻradi:

– Barchangiz keldingizmi?



– Bir boladan boshqa hamma shu yerda- deb javib berdi qurayshiylardan biri. – Biz uni narsalarga qarab turishi uchun qoldirdik.

– Uni ham olib keling, – deb aytdi Bahira.

Bir muncha vaqt oʻtgach, Muhammad (s.a.v) ni chaqirgani ketgan odam u bilan qaytib keldi. Rohib unga yaqinlashdi va uni diqqat bilan kuzatdi. Bola Abu Tolibga oʻxshashligini koʻrib, Bahira undan soʻradi:

– Bu bola kim?

– Bu mening oʻgʻlim, – deb javob berdi Abu Tolib.

– Bunday boʻlishi mumkin emas! – Bahira unga e`tiroz bildirdi. – U yetim boʻlishi kerak.

Keyin Abu Tolib shunday dedi:

– U akamning oʻgʻli.

– Bu hamma insonlar ichida eng sarvaridir. Alloh uni bizning dunyoga yubordi, chunki u odamlarga yordam berishga qaror qildi! U bu bolani oʻz paygʻambari qilib barcha jonzotlariga yuboradi. Bu bola Allohning barcha olamlar uchun yuborgan marhamatidir.

Abu Tolib juda hayron boʻlib, undan soʻradi:

– Buni qanday bildingiz?

Va rohib Bahira unga javob berdi:

– Ushbu togʻ darasiga kirganingizda, men sizga hamroh boʻlib suzayotgan va oʻz soyasi bilan sizlarni quyoshning jazirama nurlaridan himoya qilib kelayotgan bulutni koʻrdim. Qolaversa, men uning ikki kuragi orasidagi bashorat muhrini topdim (kaptar tuxumicha tugʻma belgi). Bu haqda eng qadimgi Ilohiy yozuvlarda ma’lumotlar bor.

Bahira Abu Tolibga Muhammad (s.a.v) ni uyga qaytarishni maslahat berdi. Rohib yahudiylardan ehtiyot boʻlish kerakligi haqida ogohlantirdi. Chunki agar ular boʻlajak paygʻambarning oyogʻi yerga qadam qoʻyganligini bilsalar, uni oʻldirishga harakat qiladilar. Abu Tolib jiyanini Makkaga qaytarib yubordi…

Oradan bir necha yil oʻtdi. Va Muhammad (s.a.v) yigirma besh yoshli yigitga aylandi. Makkada Xadicha ismli boy beva ayol yashar edi. Uning savdosi shunchalar muvaffaqiyatli ediki, hatto butun boshli karvonni ham molga toʻldira olardi. Bir kuni Xadicha Roziallohu anxu «halol Muhammad» deb nom taratgan yosh yigit haqida eshitib qoldi va karvonini kuzatib borish uchun uni yollashga qaror qiladi.

Xadicha Roziallohu anxu juda toʻgʻri tanlov qilgan edi, chunki Muhammad (s.a.v) insofli odam va yaxshi savdogar edi. Bir oz vaqt oʻtgach, garchi Muhammad (s.a.v) dan 15 yosh katta boʻlsa-da, ular Xadicha Roziallohu anxoning taklifi bilan turmush qurdilar. Xadicha Roziallohu anxu uni jasorati va halolligi, mehribonligi va sof axloqi uchun tanlagan edi. Bir muncha vaqt oʻtgach, ular bolali boʻldilar. Muhammad (s.a.v) Xadicha Roziallohu anxu bilan Makkada baxtli va totuv hayot kechirar edilar.

Yillar oʻtib, donishmand Muhammad (s.a.v) Al-Amin oʻz shahri aholisi olib borayotganturmush tarzi haqida tobora koʻproq oʻylay boshladi. Garchi uning ajoyib oilasi va u baxtli hayoti boʻlsa-da, unga javobi topilmas savollar tinchlik bermas edi. Boʻlajak paygʻambar shaharning shovqinidan tez-tez An-Nur togʻida joylashgan sokin gʻorga ketib qolar edi. Bu yerda, Hiro gʻorida, Muhammad (s.a.v) odatda yolgʻiz qolib, sukunatda oʻyga choʻmar edi. «Hayot bunchalar qiziq boʻlmasa», deb oʻylardi u. – Avval men kambagʻal bir yetim edim, hozir esa boy insonga aylandim. Mening ajoyib xotinim va farzandlarim bor, men ularni juda yaxshi koʻraman. Lekin butunlay baxtli boʻlishim uchun nimadir yetishmayapti».

Allohning boʻlajak paygʻambari, albatta, unga aynan nima tinchlik bermayotganligini tushunar edi. Uzoq vaqt davomida uni Makkadagi vaziyat tashvishga solar edi: kambagʻallar bu yerda juda nochor edilar. Makkaliklar yetimlarga gʻamxoʻrlik qilmas va bemorlarni ziyorat qilmas edilar. Makkaning aholisi faqat pulga qiziqar edi goʻyo. Va ularning pullari qanchalik koʻp boʻlsa, ular shunchalik koʻproq pul toʻplashni istashar edi! Va eng dahshatlisi, bu odamlar buyuk bobokalonlarimiz, Ibrohim (a.s) paygʻambar va Ismoil (a.s) paygʻambar e`tiqod qilishga chaqirgan yagona Xudoga sajda qilishdan voz kechib, butlarga sigʻina boshladilar. Ular butlar ularni Allohga yaqinlashtirishga yordam beradi, deb oʻylar edilar. Xolbuki, butlar na harakat qilar va na gapira olardilar. Ularning butlari umuman hech narsa qila olmasdi.



Bunday fikrlar Muhammad (s.a.v) ni uzoq vaqtdan beri bezovta qilib yurar edi. U koʻp vaqtini gʻorda oʻtkazardi. Koʻp oʻtmay, boʻlajak paygʻambar tushida koʻrgan voqealari haqiqiy hayotda amalga osha boshlaganini sezdi.

Shunday qilib, Alloh birinchi marta unga Vahiy yuborgan vaqt ham yetib keldi. Bu Ramazon deb nomlangan oyda sodir boʻldi. Bu payt Muhammad (s.a.v) qirq yoshda edi.

Bir kuni, odatdagidek, u Hiro gʻorida oʻyga choʻmib oʻtirganida, uning yonida toʻsatdan Farishta Jabroil paydo boʻldi.

– Oʻqi! – deb buyurdi Muhammad (s.a.v) ga farishta.

– Men oʻqishni bilmayman, – dedi u.

Keyin farishta Jabroil uni qattiq siqdi. Soʻng Muhammad (s.a.v) ni qoʻyib yuborib, yana buyurdi:

– Oʻqi!

Va boʻlajak paygʻambar yana javob berdi:

– Qanday oʻqishni bilmayman.

Farishta uni yanada qattiqroq siqib, buyurdi:

– Oʻqi!

Muhammad (s.a.v) uchinchi marta oʻqishni bilmasligini aytdi. Keyin Jabroil uni yana qattiq siqdi, u bunga arang dosh berdi. Keyin farishta Muhammad (s.a.v) ni qoʻyib yubordi va dedi:

– Seni yaratgan Robbing nomi bilan oʻqi. U insonni qon lahtasidan yaratdi. Oʻqi! Sening Robbingiz eng saxovatli. U qalam bilan insonga (yozishni) oʻrgatdi. U inson ilgari bilmagan hamma narsani oʻrgatdi…

Dastlab, Muhammad (s.a.v) juda xavotirga tushdi, chunki bu hodisadan oldin u hech qachon farishtalarni koʻrmasdi. Uyga qaytgach, Muhammad (s.a.v) xotini Xadicha Roziallohu anxuga boʻlgan voqeani aytib berdi. U shunchalar qoʻrqib ketgan ediki, hatto isitmalagan kabi titrardi. Muhammad (s.a.v) isinib olish uchun Xadicha Roziallohu anxu dan uni issiq koʻrpa bilan oʻrab qoʻyishini soʻradi. Va oʻzining tashvishlari va havotirlarini u bilan oʻrtoqlashdi.

«Alloh seni hech qachon tark etmaydi, chunki sen hammaga birdek mehribonsan! – deb Xadicha Roziallohu anxu unga taskin berdi. – Sen qarindoshlar haqida qaygʻurasan, zaiflarga taskin berasan, oʻzingdagi borini muhtojlar bilan baham koʻrasan, mehmonlarni toʻydirasan. Sen odamlarga taqdir bitgan qiyinchiliklarga dosh berishda yordam berasan.

Muhammad (s.a.v), uning ayoli oʻzi kabi Allohga ishonishidan juda xursand edi. U isinib, tinchlandi. Bundan tashqari, boʻlajak paygʻambar farishta uning koʻplab qiziqarli savollarga javob bera olishini anglay boshladi…

Bir kuni Farishta Muhammad (s.a.v) ning oldida yana paydo boʻlib, unga bugundan boshlab odamlarni bitta Allohga sajda qilishga undashi kerakligini aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻz yaqinlariga Alloh insonni va hayot uchun zarur boʻlgan hamma narsani yaratgan Zot ekanligini, shuning uchun odamlar Yaratgandan minnatdor boʻlishlari kerakligini, ular faqat Allohga ibodat qilishlari va faqat unga itoat qilishlari kerakligini tushuntira boshladi. U kambagʻallarga va kasallarga gʻamxoʻrlik qilishimizni, yaxshilik qilish va halol hayot kechirish uchun kurashishimizni buyuradi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oilasiga, bir kishi oʻlganida, faqat uning yerdagi hayoti tugashini, undan keyin yana bir goʻzal va abadiy hayot boshlanishini aytib beradi. Va bu yangi hayotda biz barcha yaxshi amallarimiz uchun munosib mukofot olamiz, qasddan yomonlik qilganlar adolatli jazolanadilar. Agar ular yomon amallari uchun chin dildan tavba qilsalar va Allohdan kechirim soʻrasalar, jazodan omon qolishlari mumkin.

Muhammad (s.a.v) nima uchun Makka ahli ochkoʻz va kambagʻallarga yomon munosabatda boʻlishlari haqida tez -tez oʻylar edi. Endi buning haqiqiy sababini bilar edi: bu odamlar Allohga itoat qilmas edilar. Ular inson va dunyomizdagi hamma narsalarni Rabbimiz yaratganligini, har bir inson Rabbisining buyruqlarini bajarishi kerakligini unutdilar.

Asta-sekin Paygʻambar (a.s) Alloh haqida oʻz doʻstlariga gapira boshladi. Dastlab, faqat bir necha kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlariga quloq soldi. Ehtimol, qolganlari pul topish bilan juda band edilar. Ehtimol, ular Xudo haqida umuman oʻylashni xohlamadilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning soʻzlariga ishonganlarning biri uning doʻsti Abu Bakr hamda Muhammad (s.a.v) ning amakivachchasi, uning uyida yashagan Ali ibn Abu Tolib edi.

Shu bilan birga, Jabroil Muhammad (s.a.v) ning yoniga kelishda davom etdi. U yangi vahiylarni keltirar edi. Farishta unga paygʻambar etib saylanganini va uning vazifasi odamlarni yaxshi ishlar qilishga va Allohga sajda qilishga chaqirish ekanligini tushuntirar edi.

Keyinchalik Paygʻambar Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xalqqa ochiq va’z qila boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga Yaratguvchining oldidagi vazifalari haqida gapirib berar edi.

U odamlarning qalbida yoʻl topishga umid qilib eng chiroyli va ta`sirli soʻzlarni tanlar edi. «Agar sizda yetarli oziq – ovqat boʻlsa va sizning yoningizda och odamlar yashasa,» – derdi

Rasululloh, siz ularga oziq-ovqatingizning bir qismini berishingiz kerak, shunda ular ochlikni qondira oladi va kiyimlaringizdan ma`lum qismini berishingiz kerak, shunda ular oʻz badanlarini bekita oladilar. Bemorlarni parvarish qilish va yetimlarga gʻamxoʻrlik qilish kerak. Agar Alloh amr qilganidek qilsangiz, mukofotlanasiz. Ammo agar siz buni rad qilsangiz, siz juda qattiq jazolanasiz», deb ogohlantirar edi Muhammad (s.a.v).

Afsuski, makkaliklarning aksariyati paygʻambar (a.s) ning soʻzlari va chaqiriqlariga kulib qoʻya qoldilar. Bundan ham yomoni, ular Allohga ishonishdan bosh tortdilar va pulni juda muhim narsa deb hisobladilar. Iymonsizlar Paygʻambar (s.a.v) ning ustidan ochiq kulib, uni shoir, yolgʻonchi va hatto sehrgar deb atadilar. Ularning eng johillari esa Xudoga ishongan va paygʻambar Muhammad (s.a.v) ning ortidan ergashgan bir necha odamni ta`qib qilib, oʻldirdilar. Makkaning aholisi paygʻambarimiz (s.a.v) dan tobora koʻproq nafratlanib borishardi. Oxir-oqibat, ular uni oila a’zolari, qarindoshlari va birinchi musulmon boʻlganlar bilan birga shahardan quvib chiqarishga qaror qilishdi. Johil iymonsizlar ularni Makka yaqinidagi togʻlarda joylashgan choʻlga haydab soldilar va ularga hech kimning oziq- ovqat olib kelishiga yoʻl qoʻymadilar. Ular hatto musulmonlar bilan savdo qilishni, ularga yordam berishni, musulmon ayollarga uylanishni hamda qizlarini xotinlikka berishni va hatto ular bilan gaplashishni taqiqlovchi farmon chiqardilar. Ushbu farmon, shuningdek, Muhammad (s.a.v) ni butparastlarga berishga rozi boʻlmagan Muhammad (s.a.v) qabilasining a’zolariga ham tegishli edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, uning izdoshlari va koʻplab qarindoshlari deyarli uch yil davomida kimsasiz bu choʻl-u biyobonda qolishga majbur boʻldilar. Surgundagilar kechasi sovuqdan, kunduzi esa ochlikdan azob chekishdi. Ular choʻlda yashab, tez-tez oʻzlari uchun oziq-ovqat topa olmaganlari sababli, hatto daraxt barglarini ham iste’mol qilishga majbur boʻldilar. Ammo bir nechta sahovatpesha insonlar ham bor edi-ki, ular iloji boricha yashirincha yordam berishga harakat qilishgan.

Birinchi musulmonlarning hayoti juda qiyin edi. Lekin Paygʻambarimiz (s.a.v) oʻzi hammadan koʻp qiynalar edi. Muhammad (s.a.v) Al-Amin paygʻambarga aylanganidan beri oʻn yil vaqt oʻtdi va birinchi musulmonlar qaygʻu yili deb nomlangan yil keldi. Dastlab, Paygʻambarimiz (s.a.v) ning sevimli amakisi Abu Tolib vafot etdi va undan keyin esa Paygʻambarimiz (s.a.v) ning ayollari Xadicha vafot etdilar (uch yillik sarsonlik uning sogʻligʻiga jiddiy putur yetkazdi).

Bu voqealar Muhammad (s.a.v) ni juda chuqur qaygʻuga soldi. Lekin rahmdil Alloh unga tasalli soʻzlar bilan farishta Jabroilni yubordi. Farishta Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamga musulmonlarning hayotini osonlashtirmoqchi ekanini tushuntirib berdi. Shuning uchun oʻzining elchisiga izdoshlari bilan Makkadan Madinaga koʻchib oʻtishni buyuradi. Bu shahar aholisi Allohning soʻzlariga itoat qilishni va islom paygʻambari ularning shaharlariga kelishini sabrsizlik bilan kutar edilar.

Nihoyat Muhammad (s.a.v) esa oʻz izdoshlariga Madinaga koʻchib oʻtishga buyruq berdi. Allohga ishongan va faqat unga ibodat qilgan har bir kishi Makkadan chiqib keta boshladi. Shaharda faqat bir nechta musulmon va Paygʻambar (s.a.v) qolgan edi.

Makkaning iymonsiz aholisi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nafratini sochar edilar, chunki Paygʻambarimiz (s.a.v) ularga yomon ishlarini yodga solar edilar. Bir kuni ular Majlislar uyida toʻplanib, butun shahar uxlab yotganida uni oʻldirishga kelishib oldilar. Alloh Muhammad (s.a.v) ga farishta Jabroilni ogohlantirish uchun yubordi va bu kecha Makkani tark etishni buyurdi. Endi Rasululloh (s.a.v) uning dushmanlari unit a`qib qilayotganini va hech qachon shaharni tark etishiga ruxsat berishmasligini bilar edi. U, albatta, Allohning buyrugʻiga itoat etdi. Dastlab Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Bakrning uyiga borib, unga: «Alloh bizga Makkani tark etishni buyurdi», dedi. «Birgalikdami?» – deb soʻradi Abu Bakr. «Ha, birgalikda», – deb javob berdi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Shundan soʻng Abu Bakr quvonchidan yigʻlab yubordi. U buyuk safarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga boʻla olishidan xursand edi. Va u shunday dedi: «Ey, Allohning elchisi! Men ikkalamiz uchun ikkita tuya tayyorladim». Kechqurun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alini oʻz yotogʻiga yotqizdi, shunda dushmanlar Paygʻambar (s.a.v) uxlab yotibdi deb oʻylashar edi.

Zulmat tushganidan soʻng, Quraysh qabilasining yosh jangchilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyi atrofida toʻplanib, uning chiqishlarini kutib turishdi. Ular uyda uxlab yotgan odamni koʻrdilar va bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanligiga toʻliq ishonishdi… Biroz vaqt oʻtgach, Muhammad (s.a.v) uydan chiqdi. Shu payt Alloh barcha askarlarni koʻz nuridan mahrum qildi va ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning yonidan qanday oʻtib ketganini koʻrmay qoldilar. Bundan tashqari, Paygʻambar (s.a.v) ning bir hovuch changni olib, ularning boshlari uzra sepib, Qur’ondan oyatlarni oʻqiganini sezmadilar.

Butun kecha davomida jangchilar Paygʻambar (s.a.v) ni oʻz uyida poylab turishdi. Ammo ertalab Muhammad (s.a.v) ning oʻrniga Ali uydan chiqib keldi. Shu paytda ular gʻazab otiga mindilar, chunki ularning rejasi butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Ular Alini ushladilar, lekin u Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqida hech narsa demadi va tez orada yosh yigitni qoʻyib yuborishga majbur boʻldilar.

Bu paytda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yashirincha Abu Bakrning yoniga keldilar va ular birgalikda yoʻlga tushdilar. Ular shaharni tark etgach, Paygʻambar (s.a.v) atrofga qaradilar va dedilar: «Allohning mulkida boʻlgan hamma makonlar ichida sen uning uchun ham, men uchun ham eng qadrli joysan, agar mening xalqim meni quvgʻin qilmaganida edi, men seni hech qachon tark etmasdim» (ya’ni, Makka shahri).

Qurayshiylar Abu Bakr va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shaharni tark etishganini bilishgach, ular darhol hamma joydan ularni qidira boshladilar. Nihoyat, ular qochoqlar bekingan gʻorga yetib kelishdi. Shundan soʻng ajoyib hodisa yuz berdi. Gʻorning kiraverishida oʻrgimchak toʻr toʻqib, tortdi, bir juft kaptar esa uyni qurdi. Makkaliklar gʻorning ogʻzida toʻxtaganlarida, ularni qochoqlardan faqat oʻrgimchak toʻri ajratib turar edi. Abu Bakr qoʻrqib, Paygʻambar (s.a.v) ga pichirladi: «Ular juda yaqin. Agar ulardan biri biz tomonga qarasa, darhol bizni koʻrib qolishadi». Ammo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni tinchlantirib shunday dedi: «Agar ular bilan Alloh boʻlsa, bu ikkita bandaga nima boʻlishi mumkin?».



Makkaliklar gʻorning ichkarisini qidirib oʻtirmadilar, chunki u yerga hech kim kirmagan deb hisobladilar, aks holda oʻrgimchak toʻri uzilgan, kaptar esa un qurmasdi.

Uch kundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Bakr gʻorni tark etishga qaror qildilar. Abu Bakr bir vaqtlar qullikdan sotib olgan Amir ismli bir kishi ikkita tuya va yoʻl boshlovchini olib keldi, u Madinagacha yetib olishlariga yordam berish kerak edi. Alloh butun yoʻl davomida qochoqlarni qoʻllab bordi, shuning uchun yovuz ta’qibchilar ularni ushlay olmadilar. Islom Paygʻambari (s.a.v) va uning sodiq doʻsti Abu Bakr Madinaga yetib borishdi.

Paygʻambar (s.a.v) ning birinchi musulmonlar bilan Makkadan Madinaga koʻchirilishi Hijrat deb ataladi. Bu butun dunyo boʻylab Islomni tarqatish yoʻlidagi birinchi qadam edi. Musulmonlar hijrat yilidan boshlab oʻz hijriy yil hisobini boshladilar.

Madinada hamma narsa Makkadagidan butunlay boshqacha edi. Payg’ambar Muhammad (s.a.v) ko’plab do’stlari orttiradi. Ular dushmanlari sonidan bir necha barobar ko’proq edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh Madina aholisi va Makkaning ko’chmanchilariga birodar bo’lishni hamda bir-birlarini birodarlarcha sevishi lozimligini buyurganini e’lon qildi. Madinagi musulmonlar- ansorlar – o`zlarida mavjud mulklarining yarmini yangi birodarlari —makkalik muhojirlarga in`om qildilar. Ammo Makkaning aholisi bu yerda ham Payg’ambar (a.s) ni tinch qo`ymadilar. Ular musulmonlarga qarshi urush olib borish uchun Madinaga bir necha bor kelishdi. Biroq, Alloh har doim o`z Payg’ambari (a.s) ni va birinchi musulmonlarni qo’llab-quvvatladi hamda ularga dushmanlarni yengishga yordam berdi.

Madinada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohdan vahiy olishni davom ettirdi. Vahiy unga har doim Farishta Jabroil tomonidan keltirilar edi. Bu vahiylar Qur’on deb nomlangan Allohning kitobida bitildi. Ushbu ajoyib kitobda, Alloh odamlarga xabar berishni xohlagan hamma narsani ko`rishimiz mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinada har kuniga besh mahal ibodat qilinagan masjid qurdirdi. Yiliga bir marta ular bir oy ro’za tutar edilar. Bu oy mobaynida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hamda uning izdoshlari tongdan to quyosh botgunga qadar hech narsa yemas va ichmas edilar. Ular buni faqat Alloh yo`lida qilar edilar, chunki Alloh ularga shunday qilishni buyurdi. Payg’ambar sollallohu alayhi va sallamning izdoshlari kamtar yashashga, kam ovqat yeyishga o’rgandilar. Shuning uchun ularda ko`p oziq-ovqat ortib qolar, bu mahsulotlarni kambag’allar bilan baham ko`rar edilar. Musulmonlar, shuningdek, kambag’allarga pullarining bir qismini ham berar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hamda uning izdoshlari faqat Allohga ishonar, faqat ungagina ibodat qilar edilar. Har doim Uning amriga bo`ysundilar. Aynan shuning uchun, aziz bolalar, Alloh ularni musulmonlar deb atadi. Axir, musulmonlar —bu Allohga ishonadiganlar va faqat unga ibodat qiladiganlardir. Ular o’z nafslarini irodasiga to’liq bo’ysundiradilar va har qanday holatda Qur’onning so`zlariga va payg’ambar Muhammad (s.a.v) ning ko’rsatmalariga amal qiladilar.

…Oradan ancha vaqt o’tdi va iymonsiz arablar Allohning qo`llashi tufayliIslom payg’ambari (a.s) ularga qaraganda kuchliroq ekanligini tushuna boshladilar. Shuning uchun, ular Payg`ambar (a.s) bilan jang qilishni to’xtatishga qaror qildilar. Bu dunyoda Allohdan buyukroq hech kim va hech narsa yo’qligini biz bilamiz! «Biz Muhammad (s.a.v) ni yengishga qodir emasmiz, chunki Alloh unga madad beryapti, – der edi kofirlar o`zaro suhbatlashganda, – Allohga va uning Rasuliga (a.s) iymon keltirishimiz hamda faqat bitta Allohga ibodat qilishimiz kerak».

Farishta Jabroil payg’ambar Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldida birinchi marta paydo bo’lganidan beri yigirma yil o’tdi. Uzoq davom etgan urushlar va dushmanlik to’xtadi. Payg’ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshchiligidagi musulmonlar Makkaga qaytib kelishdi. Ular endi shaharni qamal qilishlari va aholini jangga chaqirishlari shart emas edi. Makkaliklar shahar darvozalarini o`zlari ochib berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va musulmonlar ko’pchilik Allohga ishona boshlaganidan xursand bo’ldilar. U va’dasini bajardi va musulmonlarga yordam berdi. Ular nihoyat o’z yurtiga qaytib kelishdi. Makkaga kirib, musulmonlar birgalikda ibodat qildilar. Ulardan ba’zilari shu yerda qolishdi, allaqachon Madinada o`rnashishga muvaffaq bo’lganlar qaytib ketishdi.