Czytaj książkę: «Soliqlar va soliqqa tortish»

Czcionka:

© Ulug'bek To'lakov, 2021

© Omon Maxmudov, 2021

ISBN 978-5-0053-1358-4

Создано в интеллектуальной издательской системе Ridero

Soliqlar va soliqqa tortish. / U.To«lakov, O.Maxmudov. 2020 yil – 284 bet

O’quv qo‘llanmada soliqlarning iqtisodiy mohiyati, ahamiyati, zarurligi, soliq siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari olib borilayotgan islohotlarning samarasi sifatida bayon qilingan. Respublikamizda amalda bo‘lgan soliqlar va yig‘imlarni undirish mexanizmlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan, soliq stavkalarining o‘zgarish dinamikasi, hamda keyingi yillarda soliq-budjet siyosatining aholi farovonligini oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida soliq qonunchiliklariga kiritilgan o‘zgarishlar hisobga olingan.

Darhaqiqat, soliqlarning yig‘iluvchanligi ko‘p jihatdan aholining soliq bilimdonligi, soliq madaniyatiga bog‘liq ekan, ushbu qo‘llanma nafaqat oliy ta’lim muassasalari talabalariga, shuningdek texnikum talabalari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kichik biznes xodimlari uchun ham tavsiya etiladi.

O«quv qo‘llanmaning yakuniy qismida soliqlar va soliqqa tortish bo‘yicha glossariy va ilovalar keltirilgan.

В учебном пособии описана экономическая сущность, значение, необходимость налогов, Особенности налоговой политики как результат проводимых реформ. Особое внимание было уделено механизмам взимания действующих в республике налогов и сборов, учтена динамика изменения налоговых ставок, а также изменения в налоговое законодательство с целью повышения благосостояния населения, обеспечения устойчивого экономического роста в последующие годы.

Действительно, поскольку собираемость налогов во многом зависит от налоговой грамотности населения, налоговой культуры, данное пособие рекомендуется не только студентам высших учебных заведений, но и студентам техникумов, работникам малого бизнеса, занимающимся предпринимательской деятельностью.

В заключительной части учебного пособия приведены глоссарий и приложения по налогам и налогообложению.

Iqtisodiyot fanlari doktori S.K.Xudoyqulovning umumiy tahriri ostida

Taqrizchilar:

Yaxshiboyev A. – Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Kadrlar bilan ishlash bo’limi boshlig’i

Xatamov O. – Termiz davlat universiteti professori, i.f.d.

© U.To’lakov, O.Maxmudov

© Soliqlar va soliqqa tortish

ОГЛАВЛЕНИЕ

ГЛАВА I. ВВЕДЕНИЕ В «НАЛОГИ И НАЛОГООБЛОЖЕНИЕ»

ГЛАВА II. НАЛОГ НА ПРИБЫЛЬ

ГЛАВА III. Налог с ОБОРОТА

ГЛАВА IV. НАЛОГ НА ДОХОДЫ ФИЗИЧЕСКИХ ЛИЦ

ГЛАВА V. НАЛОГ НА ДОБАВЛЕННУЮ СТОИМОСТЬ

ГЛАВА VI. АКЦИЗНЫЙ НАЛОГ

ГЛАВА VII. НАЛОГ НА ИМУЩЕСТВО

ГЛАВА VIII. ЗЕМЕЛЬНЫЙ НАЛОГ

ГЛАВА IX. НАЛОГ ЗА ПОЛЬЗОВАНИЕ ВОДНЫМИ РЕСУРСАМИ

ГЛАВА X. НАЛОГ ЗА ПОЛЬЗОВАНИЕ НЕДРАМИ

ГЛАВА XI. СОЦИАЛЬНЫЙ НАЛОГ И СБОРЫ

ГЛОССАРИЙ

ПРИЛОЖЕНИЯ

СПИСОК ЛИТЕРАТУРЫ

KIRISH

Mamlakatimiz ta’lim tizimini shaklan va mazmunan isloh qilish, uning huquqiy bazasini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya mazmuni, shakl va usullari samaradorligini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish orqali har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlashga qodir, irodali, fidoiy va tashabbuskor kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada kadrlar tayyorlash va ta’limning uzluksiz tizimini isloh qilish bo‘yicha ko‘plab qonuniy asoslari yaratildi.

Uzluksiz ta’lim tizimida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ularda ilmiy dunyoqarashni, mehnatga ijodiy munosabatni tarkib toptirish, yuksak mehnat intizomini shakllantirish bo‘yicha «Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi.

Qisqa vaqt davomida har tomonlama yetuk, komil inson va barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan uzluksiz ta’limning yaxlit tizimi yaratildi. Respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida ham islohotlar bosqichma-bosqich, tadrijiy ravishda amaliyotga joriy etildi. Oliy ta’limning jahon standartlariga javob beradigan ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yaratildi. So‘nggi yillarda oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi hamda shakllangan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutlarining moddiy ta’minoti mustahkamlandi.

O«zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mazkur muammoning ijtimoiy-iqtisodiy va amaliy ahamiyatini «Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq butun mamlakat miqyosida ta’lim va tarbiya, ilm-fan, kasb-hunar o‘rgatish tizimlarini tubdan isloh qilishga katta zarurat sezila boshladi»1 deb asoslaganlar. Shu bois, hozirgi davrda ta’lim samaradorligini oshirish, pedagog kadrlarni innovatsion faoliyatga yo‘naltirish, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga innovatsion ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish va maqsadli yo‘naltirish oliy ta’lim tizimini modernizatsiyalashdagi dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.

Xususan, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Ijtimoiy sohani rivojlantirish» deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish2 maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

O«zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatning yetakchi olimlari, ziyolilari, akademiklari bilan uchrashuvida o‘tgan 25 yil davomida mamlakatda katta islohotlar amalga oshirilgani, barcha sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilganini e’tirof etgan holda bugungi ta’lim sifatini shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy dunyoning yangicha talablarga moslashtirish lozimligi, bu masalalarni bugun hal qilinmasa, ertaga kech bo‘lishini ta’kidladi. Uchrashuvda qayta-qayta tilga olingan masala kadrlar tayyorlash tizimi bo‘ldi. O‘zbekistonda bu borada tegishli baza yaratilgan, faqat uni mukammal tizimga aylantirish, buning uchun esa OTMda ta’lim dasturlarini takomillashtirish talab etiladi.

Sohani isloh qilish bo‘yicha milliy modelimizning o‘ziga xosligi shundaki, unda yangilanishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Avval, ta’lim tizimining huquqiy asoslari shakllantirilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi va ta’lim muassasalarining ilmiy-metodik jarayonni olib borishi yo‘lga qo‘yildi.

O«zbekistonda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tomonlarini izchil isloh etish va erkinlashtirish, jamiyatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlari yildan-yilga jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda.

Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri soliq siyosatini yanada liberallashtirish soliqqa tortish tartibini soddalashtirish soliq yukini pasaytirish xo‘jalik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha choralar majmuini amalga oshirish hisoblanadi.

Ushbu ustuvor vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti 2017 yil 7 fevral kungi farmoni bilan 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini tasdiqladi. Strategiya loyihasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilganligi maqtovga sazovordir. Harakatlar strategiyasining uchinchi vazifasi ham aynan iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish iboratdir. Hususan, soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish yo‘lini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va rag‘batlantirishning tegishli choralarini kengaytirishga urg‘u berilgan.3

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganlaridek yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi. Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo‘llanar edi. Endi tadbirkor tomonidan to‘langan ortiqcha soliq o‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha budjetdan foiz to‘lanadigan bo‘ldi4.

Soliqlar davlat budjetining asosiy daromad manbai ekanligini bilamiz. Shunday ekan, bugungi kunda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligining zarur darajasini ta’minlash, xufiyona sektorda faoliyat yurituvchi shaxslar faoliyatini legallashtirish, soliq to‘lovchilarning o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarishiga erishish budjet daromadlarini oshirishning asosiy omillari sifatida qaraladi. Shu bois ularni oliy ta’lim muassasalari bakalavr ta’lim bosqichi talabalari tomonidan o‘zlashtirilishi va uni o‘qitishning mavjud muammolarni aniqlash, o‘z vaqtida hal etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur holatlarni hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2008 yil 21 iyuldagi qo‘shma qaroriga asosan 2008—2009 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy o‘quv yurtlari va kollejlarining barcha noiqtisodiy ta’lim yo‘nalishlarida «Soliqlar va soliqqa tortish» fani o‘qitila boshlandi. Oliy ta’lim tizimining noiqtisodiy yo‘nalishidagi talabalarga soliq munosabatlariga oid masalalarni endigina o‘rganishga kirishilayotganligini e’tiborga olgan holda ularga soliqlarni mohiyati va ahamiyati haqida samarali va kengroq tushunchalar berish uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘qitishda innovatsiyalardan va ilg‘or xorijiy tajribalardan keng foydalangan holatda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

I BOB. «SOLIQLAR VA SOLIQQA TORTISH» FANIGA KIRISH

1.1. «Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘qitishning zaruriyati, predmeti, maqsaqi va vazifalari hamda o‘rganish usullari.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni yuksaltirish davrida soliqlar va ularga tenglashtirilgan majburiy to‘lovlar davlat xazinasining asosiy daromad manbasi hisoblanadi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar soliq to‘lovchi yuridik va jismoniy shaxslardan soliq qonunchiligiga ko‘ra belgilangan tartibda undiriladi. O‘zbekiston Respublikasi bosh qomusi-mamlakat Konstitutsiyasining 51 va 123-moddalarida ham fuqarolarning burch va majburiyatlaridan biri sifatida qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashning majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu majburiyatlarni bajarish uchun esa har bir fuqaro soliqlar va soliqqa tortish munosabatlariga doir yetarli darajada bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari lozim bo‘ladi.

Bu kursni o‘qitishning zarurligi bozor iqtisodiyoti munosabatlari ichida soliq munosabatlarining ahamiyati o‘sib borayotganligidan kelib chiqadi. «Soliqlar va soliqqa tortish» fani soliq voqeliklarini (harakatlarini) chuqur o‘rganish asosida zaruriy xulosalar chiqarib, ularni amaliyotga tadbiq etish yo‘llarini o‘rgatadi.

«Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘qitishdan maqsad talabalarda soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risidagi tasavvurni hosil qilish, soliq to‘lovchilardan undiriladigan soliq hamda yig‘imlarning huquqiy asoslarini, soliq majburiyati, soliq nazorati, soliqqa oid huquqbuzarliklar va ularga nisbatan qo‘llaniladigan jazo choralari bo‘yicha bilimlarni shakllantirishdan iboratdir.

Har qanday fan yoki kurs o‘zining predmetiga ega bo‘lishi kerak. «Soliq va soliqqa tortish» fanining predmeti soliq harakatini o‘rganishdir. Soliqqa tortishda soliq mexanizmi ishga solinadi. Uning harakatlanishi pul munosabatlari orqali sodir bo‘ladi. Bu pul munosabatlari soliq to‘lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) bilan soliq undiruvchi (oluvchi) davlat o‘rtasida bo‘ladi.

Fan oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar soliqlarning mohiyatini, ularning zarurligini, soliq elementlari va funksiyalarini, soliq siyosatini, soliqqa tortish va to‘lash tartiblarini, xorijiy mamalakatlar soliq tizimlarini, soliq tizimining nazariy jihatlarini o‘rgatish va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirshdan iboratdir.

«Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘rganishdagi usullar umumiy va alohida usullarga bo‘linadi.

Tabiat, jamiyat va tafakkurning rivojlanish qonunlarini tadqiq qilishning ilmiy uslubi dialektik uslubdir. Shuning uchun ham ushbu ilmiy uslub barcha fanlarning, shu jumladan «Soliqlar va soliqqa tortish» fanining nazariy va uslubiy asosini tashkil etadi. Dialektika iqtisodiy jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi, harakat va rivojlanishida tadqiq qilishni talab etadi. Dialektik uslub shuni tadqiq etadiki, rivojlanish quyidan yuqoriga qarab sodir bo‘ladi, bilish esa oddiydan murakkabga tomon rivoj topib boradi. Shuning uchun ushbu uslub tadqiq etishning induktsiya va deduktsiya usullarini o‘z ichiga oladi.

Xususiy, yakka fakt olinib, uning asosida umumiy qoida hosil qilinadigan bo‘lsa – induktsiya usuli vujudga keladi. Barcha xususiy hollarni o‘z ichiga olgan umumiy qoida hosil qilinsa – deduktsiya usuli yuzaga keladi.

Hamma iqtisodiy fanlar kabi «Soliqlar va soliqqa tortish» fanining ham o‘ziga xos ilmiy tadqiq etish usullari mavjud, ya’ni ilmiy tadqiq etish usullari biri bu ilmiy abstraktsiya usulidir. Ilmiy abstraktsiya usulining mohiyati bu tahlil paytida ob’ektning faqat bir tomoniga, tadqiq etilayotgan jarayonning asosiy mohiyatiga e’tibor qaratilib, halal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali elementlarning ta’siri e’tibordan chetda qoldiriladi.

Tabiat va jamiyatdagi voqea hodisalar singari iqtisodiy jarayonlarning ham tarkibiy bo‘limlarini tadqiq etmay turib, ya’ni tahlil qilmay turib, ularni ilmiy jihatidan o‘rganib bo‘lmaydi.

«Soliqlar va soliqqa tortish» fani shuningdek, o‘z predmetini o‘rganishda tahlil va sintez usulidan ham foydalanadi.

«Tahlil» iborasi grekcha «analiz» so‘zidan olingan bo‘lib, bu qismlarga bo‘lish yoki ajratish, tahlil qilish kabi ma’nolarni bildiradi, ya’ni tahlil murakkab hodisa va predmetlarni tarkibiy bo‘laklarga bo‘lish, ajratish asosida ko‘rsatkichlarni taqqoslash va tadqiq etish demakdir.

Tahlil usuli bo‘lib, bu usul vositasida voqea hodisalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar tadqiq etiladi.

Sintez usuli tadqiq etilgan bo‘limlardan olingan xulosa va natijalarni butun bir yaxlit jarayon deb hisoblab, umumiy xulosa chiqarishdan iborat. Yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan soliq turlarini hisoblash va davlat budjetiga o‘tkazish tartibining amaliy masalalari mazkur usul bilan tadqiq etiladi.

To‘liq tasavvur paydo bo‘lishi uchun predmetning ayrim tarkibiy elementlarining bog‘liqligini va mavjud muammolarni aniqlab olish, umumlashtirish, ya’ni sintez qilish lozim. Tahlilsiz sintez ham bo‘lmaydi.

Statistik guruhlash usuli – bu ma’lumotlarni ma’lum belgilariga ko‘ra guruhlarga ajratish statistik tadqiq etishning muhim usuli hisoblanadi. Statistik usul deb atalishiga sabab shundaki, bunda ko‘rsatkichlar bir qancha statistik ma’lumotlarni guruhlarga bo‘lish asosida o‘rganiladi. Statistik guruhlash usuli orqali iqtisodiy ko‘rsatkichlar bir hil bo‘lgan guruhlarga ajratiladi va ayrim ko‘rsatkichlar o‘rtasida bir-biriga bog‘liqlik borligini hamda tadqiq etilayotgan voqea hodislarning eng zaruri, muhimi aniqlanadi.

Shuningdek, «Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘rganishda quyidagi usullardan foydalanish mumkin: foiz chiqarish, taqqoslash, koeffitsent, zanjirli bog‘lanish, korrelyatsiya, matematik usullarni qo‘llash, statistik, grafik, soliqlarni davrlar bo‘yicha taqqoslash, soliq tushumlarini jadvallar orqali ifodalash, o‘zgarishlarni aniqlash, ularga nazariy jihatdan baho berish, soliqlarni boshqa iqtisodiy kategoriyalarga ta’sirini grafik usulda tasvirlash va boshqalar.

Yuqorida aytib o‘tilgan usullardan foydalanib yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini tahlil qilish iqtisodiyotdagi yangi imkoniyatlarni topishda yordam beradi, soliqqa tortish samaradorligini yanada oshiradi.

1.2. Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va obyektiv zarurligi.

Soliq kodeksida belgilangan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lovlarga soliq deyiladi.

Yig‘im deganda budjet tizimiga to‘lanadigan Soliq kodeksida yoki boshqa qonun hujjatlarida belgilangan majburiy to‘lov tushuniladi, bu yig‘imning to‘lanishi uni to‘lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo‘ladi.

Soliq tushunchasi iqtisodiy kategoriya sifatida davlatning paydo bo‘lishi va uning faoliyati davomiyligi bilan bevosita bog‘liqdir. Shu o‘rinda soliq kategoriyasi davlat iqtisodiy siyosati orqali iqtisodiy voqelik sifatida yuzaga chiqishini ta’kidlash lozim. Soliq tushunchasi tor ma’noda davlat ixtiyoriga soliq to‘lovchilardan majburiy tartibda undiriladigan pul tushumlarini ifodalaydi.

Ma’lumki, soliqlar bevosita davlatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir, ya’ni davlat o‘zining vakolatiga kiruvchi vazifalarni bajarish uchun moliyaviy manba sifatida soliqlardan foydalanadi. Soliqlarning amal qilishi ob’yektiv zaruratdir, chunki jamiyatni tashkil etuvchi barcha sub’yektlar ham real sektorda, ya’ni ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatmaydi. Jamiyatda boshqalar tomonidan rad etilgan yoki faoliyati iqtisodiy samarasiz bo‘lgan sohalar ham mavjudki, ular soliqlarning ob’yektiv amal qilishini talab etadi. Aniqroq qilib aytganda jamiyatning norentabel (mudofaa, tibbiyot, fan, maorif, madaniyat va boshqalar) va rentabel sohaga ajralishi hamda norentabel sohani moliyalashtirishning tabiiy zarurligi soliqlar ob’yektiv amal qilishini zarur qilib qo‘yadi. Vaholanki, norentabel sohaning ijtimoiy xizmatlari asosan davlat tomonidan amalga oshiriladiki, ularni moliyalashtirish usuli sifatida yuzaga chiquvchi soliqlar ham shu tufayli bevosita davlatga tegishli bo‘ladi.

Soliqlarning amal qilishini bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ikki holat bilan ifodalash mumkin: birinchidan, davlatning qator vazifalarini mablag» bilan ta’minlash zarurligi, ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari.

Davlatning bajaradigan funksiyalari va vazifalari ko‘p bo‘lib, bozor iqtisodiyoti rivojlana borishi bilan ba’zi ijtimoiy himoyalangan bozor munosabatlariga mos kelmaydigan vazifalar yo‘qola borsa, yangi vazifalar paydo bo‘la boshlaydi. Bularga bizning respublikamizda kam ta’minlanganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini tashkil qilish kabilar kiradi. Davlat kuchli ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni amalga oshirish uchun pensionerlar, talabalar, ko‘p bolali onalar va boshqalarni mablag» bilan ta’minlash zarurligini anglab, ayrim cheklangan tovarlar bahosidagi farqni budjet hisobidan qoplaydi, bundan tashqari mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatadi. Shu bilan birga, davlat jamiyat a’zolari osoyishtaligini saqlash maqsadida o‘zining mudofaa qobiliyatini saqlab va mustahkamlab turishga ham mablag» sarflaydi, qolaversa, fuqarolar xavfsizligini saqlash, mamlakatda tartib-intizom o‘rnatish, uni boshqarish funksiyalarini bajarish uchun ham ko‘plab mablag» yo‘naltirishga majburdir. Bunday xarajatlarni amalga oshirishning majburiyligi ular uchun manba bo‘lgan soliqlarni ob’yektiv zarur qilib qo‘yadi.

Qayd etish lozimki, hozirga qadar davlatning funksiyalarini bajarish uchun lozim bo‘lgan moliyaviy mablag‘larni shakllantirishning soliqlardan boshqa usuli jahon amaliyotida qo‘llanilgan emas. Demak, hukmron kuch sifatida davlat mavjud ekan, moliyalashtirish usuli sifatida soliqlar amal qiladi. Ma’lumki, jamiyat iqtisodiy hayoti juda murakkab iqtisodiy hodisalardan iborat bo‘lib, ana shu murakkablik bevosita soliqlarga ham tegishli, bu holat soliqlarning iqtisodiy mohiyatini teran anglashni taqozo etadi.

Soliqlar majburiy to‘lovlarni ifoda etuvchi pullik munosabatlarni bildiradi. Bu munosabatlar soliq to‘lovchilar bilan ularni o‘z mulkiga aylantiruvchi davlat o‘rtasida bo‘ladi. Davlat uchun budjet daromadlarining asosiy manbai hisoblangan soliqlar katta ahamiyatga ega.

Soliqlar to‘g‘risidagi qarashlar tarixan ob’yektiv va sub’yektiv omillarning ta’sirida shakllangan. Soliqlarga doir turli ta’riflarni tahlil qilish, ularning konkret iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot jarayonidagi mohiyatini asoslash, soliqlarning iqtisodiy rolini va soliq qonunchiligiga asos bo‘lgan soliq tamoyillarini belgilash hamda soliq tizimida, jamiyat taraqqiyotida mavjud bo‘lgan soliqlarning tutgan o‘rnini aniqlash zarurdir. Shunki davlat paydo bo‘lishi bilan soliqlar jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlarning zaruriy talablaridan biri bo‘lib hisoblanib kelgan. Davlat tuzilishi shakllari rivojlanishi bilan bir vaqtda soliq tizimi o‘zgargan va takomillashtirilgan. Soliq tizimining o‘zgarishi va takomillashtirilishi soliqlarning turlari, miqdorlari va yig‘ib olish usullari xilma-xil bo‘lganligi bilan asoslanib kelgan. Masalan, Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti tarixida soliqlar aholidan shaxsiy mol-mulk, yerdan olingan hosil, uy hayvonlari va boshqalar uchun «zakot» sifatida olingan.

Davlat faoliyatining barcha yo‘nalishlarini mablag» bilan ta’minlashning asosiy manbalaridan biri va davlat ustuvorligini amalga oshirishning iqtisodiy vositasi soliqlardir. Soliq tizimini tartibga solish va mukammallashtirish moliyaviy tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan soliqlar orqali tartibga solish, davlat budjeti daromadlarini shakllantirish soliq solish vositasida jamiyatdagi u yoki bu jarayonlarning rivojlanishiga ta’sir etuvchi usul hisoblanadi. Davlatning mavjudligi soliqlar bilan uzviy bog‘liq, chunki soliqdan tushadigan tushumlar davlat iqtisodiy mustaqilligining asosiy manbai hisoblanadi.

Insoniyat tarixida yirik davlat arboblaridan biri, o‘rta asrlarda buyuk saltanat barpo qilgan Amir Temur soliqlarga katta e’tibor qaratgan. U davlatni idora qilish tizimini yuzaga keltirishda asosan soliqlarga tayangan. O‘sha davrning davlat moliyasi bu tizimning eng muhim unsurlaridan biri ekanligi, u davlatni boshqarishdagi barcha jihatlarga uzviy bog‘langanligi bilan tubdan farq qilib turgani va ayni shu xususiyatiga ko‘ra boshqaruvning barcha tarkibiy qismlari orasida markaziy o‘rinni egallaganligi bugungi kunga kelib hammaga ayon bo‘lmoqda.

Ulkan davlat moliyasini boshqarish murakkab jarayon ekanligini tushungan Amir Temur moliyaviy hokimiyatni markazlashtirishga urinmadi. Joylarda shakllangan soliq tizimini o‘zgartirmagan holda, soliq yig‘imini amalga oshirishni o‘zi zabt etgan 27 shahar va tumanlar mahalliy hokimiyati zimmasiga yuklagan. «Agar xalq boshqarishning oldingi tartiblarida yashashni istasa, bu istak amalga oshirilardi, aks holda soliqlar men o‘rnatgan tartib bo‘yicha yig‘ilardi», – deb yozgan edi Amir Temur o‘z tuzuklarida.

Xazinaning chiqim qismi soliqlar yig‘ishning barqaror tizimini kiritishni talab qilar edi. Amir Temur va temuriylar davrida soliqlarning 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lgan. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:

– sar shumor – jon boshiga to‘lanadigan soliq, miqdori 1 dinordan 10 dinorgacha bo‘lgan, aholining barcha tabaqasiga tatbiq etilib, moddiy boylik darajasiga qarab belgilangan;

– xiroj – temuriylar va ulardan keyingi davrlarga taalluqli asosiy yer solig‘i. U yig‘ib olingan hosilning uchdan bir qismiga teng bo‘lib, pul yoki mahsulot shaklida undirilgan;

– sar daraxt – mevali daraxtlar va uzumzor uchun to‘lanadigan soliq, pul shaklida olingan;

– dudi – tutun solig‘i, har bir uy yoki hovlidan o‘z ehtiyojlari uchun tayyorlagan o‘tindan foydalanganligi uchun soliq bo‘lib, mahsulot shaklida, keyinchalik esa pul shaklida olingan;

– avariz – favqulodda soliq, shahar yoki qishloq aholisidan urush chiqimlarini va saroyda o‘tkaziladigan bayramlarni qoplash maqsadida olingan;

– uloq – davlat xizmatidagi odamlarga beriladigan ot;

– mir hazaron – ma’lum bir joyda yashovchi aholidan shu yerdagi qo‘shinni moddiy ta’minlashga olinadigan soliq.

Amir Temur pul siyosatini olib borgan holda, bu siyosatni Movarounnahrni iqtisodiy rivojlantirish bilan mutanosiblashtirishga katta ahamiyat bergan. Shuning uchun u aholi uchun og‘irligi tushmaydigan soliq siyosatini olib borgan. Ayrim hollarda dehqonlar xiroj solig‘idan butunlay ozod etilganlar. Masalan, Temur o‘z tuzuklarida shunday yozgan edi: «Agar dehqon yangi ochilgan yerda ekin eksa yoki tashlab qo‘yilgan yerni obodonlashtirsa, u birinchi yil soliq to‘lashdan butunlay ozod etilgan, ikkinchi yil qancha xohlasa shuncha soliq to‘lagan, uchinchi yili esa umumiy soliq to‘lash qoidasi bo‘yicha soliq to‘lagan».

Tarixan soliqlar, davlatni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan majburiy to‘lovlar sifatida, davlat paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Soliqlar davlat faoliyat ko‘rsatishining moddiy asosini tashkil etadi, ularning iqtisodiy tabiati xuddi shu yerdan kelib chiqadi.

Bozor munosabatlarining shakllanishi davrida soliqlar korxonalarning iqtisodiy faoliyatini tartibga solishning ham bilvosita quroli hisoblanadi.

Soliqni to‘lash xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar bilan davlat o‘rtasida yangidan yaratilgan qiymatni taqsimlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Biror-bir jamiyatni soliq tizimisiz tasavvur qilish mumkin emas. Shunki soliqlar budjet daromadlari (pul fondi) ni tashkil etishning asosiy vositasi bo‘libgina qolmay, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ishlab chiqarishni rag‘batlantirishda investitsiyalarni ko‘paytirishga, raqobatbardosh mahsulotni ko‘paytirishga, kichik biznesni rivojlantirishga, xususiy korxonalar ochish bilan bog‘liq bo‘lgan bozor infratuzilmasini barpo qilishga, umumdavlat ehtiyojlarini qondirishga va shu kabilarga xizmat qiladi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o‘zining ichki va tashqi vazifalarini, har xil ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning asosiy qismini soliqlar orqali to‘playdi. Jumladan, soliqlar respublika va mahalliy budjetlar daromadini shakllantiradi, davlat ijtimoiy dasturlari uchun moliyaviy negiz yaratadi, soliq to‘lovchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshqaradi, ularning tabiiy resurslardan unumli foydalanishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantiradi, narx belgilashga ta’sir ko‘rsatadi, aholining turmush darajasini tartibga solib turadi, imtiyozlar yordamida esa aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etishga yordam beradi.

1.3. Soliq elementlari.

Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari soliq solishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va davlat budjeti o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.

Soliq nazariyasida soliqqa oid munosabatlarni to‘liq va teranroq ifoda etish uchun iqtisodiy voqeliklarning har bir kichik guruhlari muayyan nomdagi iboralar bilan izohlanadi. Soliq elementlari ham xuddi shunday soliqqa oid iqtisodiy hodisalarni izohlashga xizmat qiluvchi yaxlit tushuncha hisoblanadi. Soliq elementlari tushunchasi soliq solish tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning o‘zi ham kichik tizimni tashkil etadi, ya’ni soliq elementlari ham bir necha iqtisodiy kategoriyalarning yaxlit holdagi harakatini bildiradi.

Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliqning barcha elementlari aniqlab qo‘yilgan taqdirdagina ushbu soliq belgilangan deb hisoblanadi.

Bunday soliq elementlariga quyidagilar kiradi:

1) soliq solish ob’ekti;

2) soliq bazasi;

3) soliq stavkasi;

4) soliq davri;

5) soliqni hisoblab chiqarish tartibi;

6) soliq hisobotini taqdim etish tartibi;

7) soliqni to‘lash tartibi.

Soliqni belgilashda soliq imtiyozlari va ularning qo‘llanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.

Soliq solish ob’ekti mol-mulk, harakat, harakat natijasi yoki qiymat, miqdoriy yoki fizik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holat bo‘lib, u mavjud bo‘lganda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari soliq to‘lovchida soliq majburiyatini vujudga keltiradi.

Soliq solish ob’yektiga foyda yoki daromad, muayyan tovarlar qiymati, yer maydoni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklari, tabiiy resurslardan foydalanish miqdori va boshqalar kiradi. Soliq solish ob’yekti aslida jamiyatdagi mavjud moddiy va ma’naviy boyliklarning ayrimlariga qonun yo‘li bilan ulardan foydalanuvchi, egalik qiluvchi va tasarruf qiluvchi soliq sub’yektlarining huquqlariga soliq solishni ifodalaydi. Binobarin, moddiy yoki ma’naviy boyliklarga mulkiy huquqqa ega bo‘lgandagina soliq solish ob’yekti yuzaga keladi. Masalan, egasiz imoratga soliq solinmaydi, chunki egasiz imoratga nisbatan soliq sub’yekti mavjud emas, vaholanki, bo‘lgan taqdirda ham soliq solish ob’yekti sifatida imorat emas, balki ushbu imoratga bo‘lgan mulkiy huquqqa soliq solinadi. Shu jihatdan aytish mumkinki, soliq solish ob’yekti aslida yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy huquqi va daromadiga qaratiladi.

Soliq bazasi soliq solish ob’ektining qiymat, fizik yoki boshqa xususiyatini ifodalaydi.

Hisoblanadigan soliq miqdori nafaqat soliq stavkalarining miqdoriga, shu bilan birgalikda soliq stavkasi qo‘llaniladigan ob’yektning miqdoriga ham bog‘liq. Soliq solinadigan bazaning miqdori qonunchilikda soliqqa tortilishi lozim bo‘lgan soliq solish ob’yektidan ruxsat etiladigan chegirmalarga bog‘liq ravishda o‘zgarib turishi mumkin. Soliq solish bazasini soliq to‘lovchilarning mazkur toifasiga taqdim etiladigan soliq imtiyozlariga muvofiq ravishda kamaytirishga ruxsat etiladi.

1.Karimov. I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – T.: O‘zbekiston, 2011. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 4947-sonli Farmoni.
2.3 www.press.servis//Ilm-fan yutuqlari – taraqqiyotning muhim omili.
3.O«zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 4947-sonli Farmoni.
4.O«zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020 yil 24 yanvar