Czytaj książkę: «Ko‘hna dunyo»
Birinchi bob
Shoirning asli ismi – Qutlug‘qadam. Ammo hech kim buni bilmaydi. G‘aznada u Malik ash-sharob, avomchasiga esa Maliqul sharob, ya’niki, g‘arib mayxurlar sultoni degan nom bilan ma’lum va mashhur.
G‘arib kulbasi esa, garchi sulton Mahmud G‘aznaviy qasrlar bilan tenglasha olmasa ham, dovrug‘i butun dorus-saltanaga1 ketgan. Shoirning kulbayi vayronasi shaharning eng chekkasida, Bog‘i Firuz va Bog‘i Mahmud kabi ko‘rak bog‘lar, Osmon malikasi kabi marmar qasrlar, Ko‘shki davlat va Ko‘shki ma’mur kabi tillakori saroylar, lojuvard gumbazli muhtasham machit va minoralar, sershovqin bozorlar, karvonsaroylar, bir-biriga tutashib ketgan obod rastalar kumush favvoralar o‘rnatilgan gulzor va maydonlardan yiroqda, gadolar va yo‘qsizlar makoni bo‘lmish Afshon shol2 dahasining xilvat bir burchagida joylashgan. Lekin bu qashshoq kulbaning o‘ziga xos ohanrabosi bor – u mulla mirquruq shoirlar, «chiqitga chiqqan» xonanda va sozandalar, saroylardan quvilgan munajjimlar, amirlar qahriga yo‘liqqan sarbozlar, qochqin g‘ulomlarning suyukli makoniga aylangan.
Kechalari bu makonga oqib keladigan faqir-u haqirlar garchi cho‘ntagida sariq chaqasi bo‘lmasa ham o‘z dovrug‘i, o‘z g‘ururiga ega. Mashshoqlar davrasidagi setorchi, shunchaki setorchi emas, balki Bobo Setoriy deb chaqiriladi, g‘ijjakchisi oddiy g‘ijjakchi emas. Piri G‘ijjakiy, hofizi shunchaki hofiz emas, Bobo Hofiz, Bulbuliy, shoir bo‘lsa nazm ahlining sultoni yoxud malikul kalom, deb ataladi. Hatto nay bobida ustasi farang, gurganjlik3 bukri attor ham oddiy bukri emas, balki «Piri Bukriy» nomi bilan dong chiqargan.
Bu g‘arib kulba Malikul sharobga otasidan, fotihi muzaffar amir Sabuqteginning sodiq nadimi Qorag‘u-lomdan qolgan.
Malikul sharobning o‘zi ham yoshligidan sultonning suyukli nadimi bo‘lgan, ammo o‘n to‘rt yashar bir malak vajidan o‘smirlik chog‘laridayoq oralari buzilgan. Agar o‘sha ofatijon sanam bo‘lmaganida, hozir, ehtimol, sultonning suyangan tog‘i yoxud eng yaqin lashkarboshisi bo‘larmidi? Xo‘sh, shunda nima yutardi? Boshi osmonga yetarmidi? Yo bu noraso dunyoning ustuni bo‘larmidi? Undan ko‘ra hozirgiday mayini ichib, ko‘nglini xushlab yurgani ming chandon yaxshi emasmi?
Malikul sharob sharbat va may qilish hunarini hirotlik keksa bir bog‘bondan o‘rgangan. Yillar o‘tib, bu ishda shunday ustasi farang bo‘ldiki, uning sharbatini ichgani nafaqat yupun shoirlar va yo‘qsillar kelishadi, ba’zan manman degan bek va bekzodalar, hatto Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar, gohi-gohi esa ultonning suyukli madhiyabozi, shoir Unsuriy ham qadam ranjida qiladi, hatto amiralmo‘mininning erkatoy vaziri, mayparastlik va fohishabozlikda yagona bo‘lmish Abul Hasanakning o‘zi ham uning mayiga pinhona odam yuboradi…
Rost, ba’zan bozor mutasaddilari uni shakkoklikda ayblab, G‘aznadan quvmoqchi ham bo‘lishadi, biroq Qutlug‘qadamning baxtiga bundan qirq besh yil muqaddam, o‘sha, o‘n to‘rt yashar sohibjamol sabab, yosh Mahmud sodiq g‘ulomini saroydan haydaganida, unga «boshqa jazo berilmasin» deb amr-u farmon qilgan. Shu farmon sabab, sobiq qulbachcha Malikul sharob har safar jon saqlab qoladi.
Malikul sharobning kulbasidagi suhbatlar, odatda, shomi g‘aribonda boshlanadi.
Bugun mayxo‘rlar barvaqt oqib kela boshlashdi. Poygak joylarni, odatga ko‘ra, nashavand gadolar juldurvoqi mayib-majruhlar, serjahl darveshlar egallashdi. Ulardan yuqoriroqda nazm shaydolari bo‘lmish bir guruh tolibi ilmlar joylashishdi. To‘rga esa qaysi bir shahardan kelgan ikki sayyoh taklif qilindi. Sayyohlarning biri yoshi elliklarga borib qolgan, moshguruch soqol-mo‘ylovi o‘ziga xo‘p yarashgan, egnidagi ko‘k movut to‘ni ustidan oq rido kiyib, boshidagi mo‘risimon ko‘k qalpoqchasi ustidan oppoq simobiy salla o‘rab olgan allomanamo bir kimsa, ikkinchisi esa, darvesh qiyofasidagi xushsurat yigitcha edi.
Ko‘p o‘tmay mayxonaning sodiq mayxo‘rlari – g‘ijjak va setorlarini qo‘ltiqlab olgan Bobo Setoriy bilan Piri G‘ijjakiy paydo bo‘lishdi. Ulardan keyin qarib qolgan bo‘lsa ham soqol-mo‘ylovlarini bo‘yab yuradigan Bobo Hofiz Bulbuliy bilan Piri Bukriy degan, o‘zi pakanagina bo‘lsa ham boshi xumday, nimasi bilandir katta qora o‘rgimchakka o‘xshab ketadigan keksa naychi kirib kelishdi.
Ovloq Xorazmdan, Abu Rayhon Beruniy yurtidan kelgan Piri Bukriy G‘aznada attorlik qiladi. Afshon shol bozoridag‘i attorlik rastasida uning o‘z do‘koni bor. Bu majruh naychi to‘g‘risida shaharda har xil mishmishlar yuradi Go‘yo u o‘g‘irlik mollar, oltin va javohirlarni sotib olar emish, o‘ziyam behisob boyliklar sohibi emish, degan gaplar bor. Bu mishmishlarning qaysisi chin, qaysisi yolg‘on – yolg‘iz olloga ayon. Har qalay, Malikul sharob bu mishmishlarning hech biriga ishonmaydi, bil’aks, uni «xo‘do urgan, payg‘ambar esa aso bilan turtgan» bir bandayi nogiron, deb biladi va unga rahm qiladi. Piri Bukriy ham uning bu mehr-u saxovatini yaxshi qadrlaydi. Har qalay, taqdir taqozosi bilan Gurganjdan kelibdiki Malikul sharob bilan birodarlik qiladi, salkam o‘n besh yildan beri har oqshom uning mayxonasiga kelib nay chaladi, shunday chaladiki, ba’zan o‘zi ham yig‘lab, boshqalarni ham yig‘latadi. Shunday paytlarda keksa attorning qalbi allaqanday tizginsiz dardlarga to‘la ekani ayon bo‘ladi-yu, odamlar u to‘g‘ridagi mudhish mishmishlarni unutishadi…
Bundan yaqin bir oy avval Piri Bukriy Malikul sharobga nozik bir iltimos bilan murojaat qilgan. Malikul sharob esa, iltimosning nozikligi sabab, unga rad javobini berishdan boshqa chora topmagan edi. Shundan beri Piri Bukriy mayxonadan oyog‘ini tortib qolgan, Malikul sharob bo‘lsa eski qadrdonini ranjitib qo‘yganidan pinhona ezilib yurardi. Bugun uning Hofiz Bulbuliy bilan birga kirib kelganini ko‘rib, shunday quvonib ketdiki, yerto‘ladan o‘n yillik sharbat solingan katta bir xumni ko‘tarib chiqishlarini shogirdlariga buyurdi. Bu gapni eshitgan faqirlar:
– Omad yor bo‘lsin Malikul sharobga!
– Biri o‘n bo‘lsin Malikul sharobning!– degan xitoblar bilan g‘ira-shira musofirxonani boshlariga ko‘tarishdi.
Bir mahallar may ichishda hech kim Malikul sharobga bas kelolmas edi. Biroq so‘nggi yillarda, yoshi oltmishdan oshib, ko‘zidan nuri, belidan quvvati keta boshlagandan beri Malikul sharob kam ichar, u ko‘proq boshqalarni mehmon qilib, gulgun suhbatlar qurishdan zavq olardi. Yaxshi g‘azal o‘qigan, yaxshi kuy chalgan yoki qiziq hangoma so‘zlab bergan kimsa bir kosa tekin sharbat bilan taqdirlanar, bu esa mushoirani zavq-shavqqa to‘ldirib yuborardi. Lekin bugun nima ham bo‘ldi-yu, Malikul sharobning o‘zi ham bir ho‘plam, yarim ho‘plamdan olib o‘tirib, shirakayf bo‘lganini sezmay qoldi. Avvalambor, bir oydan beri arazlab yurgan eski qadrdoni Piri Bukriy o‘z oyog‘i bilan kirib keldi, keldi-yu, Piri G‘ijjakiyga jo‘r bo‘lib, nayda shunday bir kuy chaldiki, sharbatxonada yig‘lamagan bir kimsa qolmadi. Qolaversa, mehmon bo‘lib kelgan ikki sayyoh Xurosondan, nazm ahlining sultoni Abulqosim Firdavsiy yurtidan ekan, gap aylanib «Shohnoma«ga borib taqaldi. «Shohnoma«dan Mahmud G‘aznaviyga, undan shoirning sulton haqidagi mashhur hajviga o‘tdi-yu, suhbat go‘yo shabada tekkan gulxanday lovullab ketdi. Birov shoirga hamd-u sanolar o‘qib, «Shohnoma»ni ko‘klarga ko‘tarib maqtasa, birov aksincha: «Agar Abulqosim Firdavsiy dono bo‘lsa, nechun ijodining gultoji bo‘lmish «Shohnoma»ni o‘zi suymagan sultonga in’om etdi?» deb ta’na qildi. Yana birov esa, shakkok gaplardan cho‘chib, o‘zini chetga oldi, hatto sekin tisarilib, kulbani sharpasizgina tark etganlar ham bo‘ldi.
Malikul sharob, boshida kulohsimon eski qalpoq, egnida eski bo‘lsa ham gard yuqmagan toza bo‘z yaktak, shoirona to‘zg‘igan soqol-mo‘ylovlarini tutamlab, mayxona ahlining betartib bahs-munozaralariga jimgina quloq solib o‘tirarkan, ko‘z oldiga lop etib ustod Abulqosim Firdavsiy keldi.
Yodida bor: Abulqosim Firdavsiy, – ollo undan rozi bo‘lg‘ay! – g‘aznani tark etishdan avval uning kulbayi vayronasiga tashrif buyurgan edilar. Tashrif buyurishlaridan bir kun avval esa, shaharda ajib bir gap tarqalgan edi. Birov sulton Mahmud ul nazm sultoniga katta lutf-u ehson ko‘rsatib, «Shohnoma»ning har misrasiga bir tilladan haq to‘labdi, desa, boshqa birovlar, bil’aks, sulton buyuk shoirning qadriga yetmabdi, hatto egniga sarupo ham yopmabdi, degan gaplarni topib kelgan edi. Ustod esa, go‘yo sulton bergan yo‘lni cho‘ntagiga solib, to‘g‘ri hammomga borgan emishlar, hammomdan chiqqach, bor aqchasini gadolarga ulashib, o‘zlari sultonga hajv bitgan emishlar!
Malikul sharob bu mishmishlarni haqiqat qilib ulgurmasdanoq ustod o‘zlari uni yo‘qlab kelib qoldilar. Ustod keksa bo‘lsalar ham bo‘y-bastlari kelishgan, oppoq soqollari ko‘ksiga tushgan, tiyrak ko‘zlari-yu o‘tkir so‘zlariga hech kim dosh berolmaydigan, tili achchiq, qaysar odam edilar. U kishi goho-goho may istab kelganlarida kayflari chog‘ bo‘lsa «Shohnoma»dan hikoyatlar o‘qib berar, donolar bisotidan rivoyatlar aytib, hammani xushnud qilar, mabodo kayflari buzuq bo‘lsa, qalang‘i-qasang‘i mayxo‘rlar bilan o‘tirishni istamay, tikka turganlaricha bir piyola may ichardilar-da, o‘z yo‘llariga ravona bo‘lardilar.
O‘shanda, so‘nggi marta kelganida, ustod, xuddi besabab qamchi yegan asov tulporday, betoqat edilar. Soch-soqollari to‘zg‘igan, yuzlari bo‘g‘riqqan, oppoq qoshlari tagidagi tiyrak ko‘zlari allaqanday ichki bir alamdan yonar, o‘zlariyam odatdagi kimxob to‘n o‘rniga odmigina qora chakmon kiyib, boshlariga eski qalpoqni qo‘ndirib olgan, qo‘llarida aso, yelkalarida xurjun, tarki dunyo qilgan bir zohidga o‘xshar edilar.
– Malikul sharob! – dedilar ustod o‘shanda, poygakda to‘xtab. – Faqir-u haqir sen bilgan nazm sultoni Abulqosim Firdavsiy emas, cho‘ntagida hech vaqosi yo‘q bir gadomen. Ollo yo‘liga bir piyola sharbat tutsang, dilimda senga hamd-u sano o‘qib ichamen, bermasang… labimda kulgu, ichimda duoyi bad qilib, mayxonangni tark etamen!..
Ustod Malikul sharob tutgan bir kosa sharbatni bir sipqarishda bo‘shatib, kosani qaytarib berarkanlar:
– Yo‘q!– deb xitob qildilar.– Yo‘q, Malikul sharob! Faqir qornimga emas, qadrimga yig‘laymen!.. Shu boisdan, sulton bergan barcha in’omlarni gadolar va yo‘qsillarga ulashdim! Bir mirini qoldirmay ulashdim-u, mana endi, farishtaday ma’sum, go‘dakday qip-yalang‘och, o‘z yurtimga otlandim!.. E voh! Bu gumroh shohlar oldida bizday faqir shoirlar qismati shu ekan! Ne chora? Ayb o‘zimda! Bil’aks, insof va adolatni kuylab, odil shohlar tarixini bitgan shoir, kelib-kelib shu mustabid sultondan haqiqat qidirib kelurmenmi? O, gumrohlar, gurohlar! Kamina go‘yokim Eron bilan Turonni bir-biriga qarshi qo‘ygan emishmen! Go‘yokim forsiy shohlarni ulug‘lab, turkiylarni kamsitibmen!.. Yo‘q! – dedilar u kishi to‘satdan kulohli boshlarini baland ko‘tarib, – bir elni boshqa bir elga qarshi, qo‘ymoq – donolar ishi emas! Bu – shohlar va sultonlar ishi! Kamina o‘z asarimda faqat haqiqatni yozdim! O‘lim haq! Vaqtiki kelib faqir ham bu olamni tark eturmen. Ammo inshoollo. «Shohnoma» toabad qolur! Kim haq, kim nohaq, har kim o‘zi o‘qib olur, o‘zi bilib olur. Malikul sharob!
Ustod shunday dedilar-da, ikkinchi kosani ichishdan bosh tortib, musofirxonani tark etdilar.
..Malikul sharobning xayolini sharbatxo‘rlarning jo‘r qiyqirig‘i bo‘lib yubordi.
Uning ro‘parasida kir-chir, soqoli ko‘ksiga tushgan juldurvoqi bir mo‘ysafid bo‘sh kosani cho‘zib turar, kulbaga yig‘ilgan g‘arib-u g‘urabo mo‘ysafidni qurshab olgan, hammaning ko‘zi Malikul sharobda edi.
Malikul sharob bu mo‘ysafidni yaxshi tanirdi. Ko‘plar uning nasl-nasabini bilmasa ham o‘zini hamma tanir, birovlar uni Bobo Xurmo deb chaqirsa, birovlar Bobo Savdoi deyishadi.
Odamlarning aytishicha, bir mahallar hozirgi Bog‘i Firuz o‘rnida mo‘ysafidning katta xurmozori bo‘lgan. Bundan yigirma yil muqaddam, sulton Mahmud Bog‘i Firuz uchun joy tanlaganda mo‘ysafidning xurmozori ma’qul tushib, uni o‘z mulkiga qo‘shib olganu, suyukli bog‘idan ayrilgan keksa bog‘bon xiyol savdoyi bo‘lib qolgan. Shu-shu, ko‘chama-ko‘cha yurib tilanchilik qiladi.
Bobo Xurmoning kechmishini bilgan odamlar unga rahm qilishar, Afshod shol dahasining churvaqalari esa uni jonlaridan ham yaxshi ko‘rishar doim:
Bobo Xurmo!
Qilg‘il duo,
Bergil xurmo! –
deya chug‘ur-chug‘ur qilishib, cholning orqasidan ergashib yurishardi.
Hozir ana shu Bobo Xurmo Malikul sharobning oldida nechundir kulimsirab, tavoze bilan qo‘l qovushtirib turardi.
– Afv et, Malikul sharob! Bu suhbati gulgunda yaxshi shohu yomon shohlar haqida bahs ketdi. Ijozat etsang, kamina shu to‘g‘rida bir rivoyat so‘zlasam!
– So‘zla, Bobo Xurmo!
– So‘zlayman, ammo so‘zim haqini kim to‘laydi, Malikul sharob?
Kulba gado va yo‘qsillarning jo‘r qiyqirig‘idan larzaga keldi:
– So‘zlayver, Bobo Xurmo! Bir piyola emas, o‘n piyola sharbat desang ham yo‘q demaydi Malikul sharob!
– Og‘zingni och, xumi bilan quyadi!
Malikul sharob kulimsirab, Piri Bukriyga yuzlandi:
– Qo‘yib ber, to‘yguncha ichsin!
Bobo Xurmo kipriksiz ko‘zlarini mastona o‘ynatib, bir emas, ikki kosa sharbatni ust-ustiga sipqardi-da, g‘ala-g‘ovur bosilishini kutib, hikoyasini boshladi:
– Shundaykim, qadim zamonlarda ikki xesh, ikki birodar safarga chiqmish. Yo‘l yursa ham mo‘l yurib, sahroda o‘sgan bir sada tagiga borib qo‘nmish. Topgan-tutganlarini baham ko‘rib, suhbat qurmish. Shunda bir do‘st ikkinchidan: agar senga saodat yor bo‘lib, poshsho bo‘lsang nima qilar eding, deb so‘rarmish.
– Agarchand, – demish birinchi sayyoh – saodat yor bo‘lib, poshsho bo‘lsam, yurtimda insof-u adolat o‘rnatar edim. Odamlar nimaiki orzu qilsa, hammasini ro‘yobga chiqarar edim!
– Kamina poshsho bo‘lsam,– demish ikkinchi sayyoh, – bani odam atalmish bu nodonlarni tavbasiga tayantirar edim. Qashlashga tirnoq ham qoldirmay, kafangado qilardim bularni!
– Sabab?
– Sababi – na yaxshilikni biladi bu gumrohlar, na yomonlikni!
Ertasiga ikki sayyoh yo‘llarida davom etmish. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir shahri azimga yetib bormish. Qarasalar, ark oldidagi maydonda odam tirband, hammaning qo‘lida bir parcha go‘sht, osmondagi qushga tikilar emish. Ma’lum bo‘lishicha, bir kun avval poshsho olamdan o‘tgan, poshsho befarzand bo‘lib, taxt vorisi yo‘q emish. Shu boisdan, shahar donishlari yig‘ilib, poshshoning qari burgutini uchirmoqqa ahd qilmish, toki burgut kimning boshiga qo‘nsa, o‘sha odam poshsho bo‘lsin! Burgut esa, falakning gardishi bilan bemehr sayyohning boshiga kelib qo‘nmish.
Shahar donishlari sayyohning musofir ekanini eshitib, burgutni qayta o‘chirmish. Burgut maydon uzra uchib yurib, yana o‘sha sayyohning boshiga qo‘nmish. Shu yo‘sin uch marotaba uchirilib, uch marotaba sayyohning boshiga qo‘ngandan so‘ng, shahar ahli uni taxtga o‘tqaz-mish. Sayoh esa taxtga o‘ltirgan hamon, o‘z aytganini qilmish: mamlakat ahlini zir titratmish, behisob boj-u xiroj solib, hammani kafangado qilmish. Shunda odamlar poshsho bo‘lgan sayyohning do‘stini qidirib topmish, poshsho ustidan arz qilib, undan najot so‘ramish. Faqir sayyoh poshsho bo‘lgan do‘stining huzuriga bormish. Poshsho uni shod-xurramlik bilan kutib olmish, ammo so‘zini eshitib: «Sen bu ishga aralashma,– deb tanbeh bermish. – Agar men bu odamlarga zulm qilgan bo‘lsam, gumrohligi va nodonligi uchun shunday qildim. Agar bular nodon bo‘lmasa, xudoning aqlsiz bir maxluqiga inonib, kaminani taxtga ko‘tarishmas edi! Beaql maxluqqa inonib meni poshsho qilishgan ekan, rahm-shafqat ne darkor bularga? Dono poshsho donolarga loyiqdur! Nodonlarga nodon poshsho yarashur!».
Kulba jo‘r kulgu va qiyqiriqlardan larzaga keldi.
– Bu rivoyatdan maqsading ne, Bobo Xurmo?
– Maqsadi ayon! Senday nodonlarga sulton Mahmudday poshsho yarashur, demoqchi Bobo Savdoyi!
– O‘z so‘zi emas, sultonning g‘animi imom Ismoil so‘zi bu!
– Ofarin! Betavfiq isyonchilar makoniga aylanmish bu makon!
– Og‘zingni yum! Sulton eshitsin bu so‘zlarni, oyog‘ingdan dorga osib, ostingdan o‘t qo‘yadi, ahmoq!
– Vo ajabo! Sultonning ayg‘oqchilari qayda?
– Ko‘rsat menga o‘shal ayg‘oqchingni! O‘zim dorga tortamen uni!
Malikul sharob qo‘lini ko‘tarib, g‘ala-g‘ovurni arang bosdi-yu, Bobo Xurmoga yana bir piyola sharbat tutishni buyurdi.
Shundan keyin nima bo‘ldi, suhbat davom etdimi, yo navbat mashshoqlarga keldimi, Malikul sharob yaxshi bilolmay qoldi. Bir mahal ko‘zini ochsa… ichkarida, Nargizabonuning torgina xonasida, to‘g‘rirog‘i, xonani ikkiga bo‘lgan pardaning bu tomonida yotibdi. Tepasida qo‘lida miltiragan sham, Piri Bukriy turibdi.
Xonaning g‘ira-shira qorong‘iligida egniga qora chakmon, boshiga xorazmcha cho‘girma telpak kiygan bukri chindan ham bahaybat qora o‘rgamchiga o‘xshab ko‘rindi-yu, Malikul sharob seskanib ketdi, xayolidan esa:
«Tag‘in eski gapmi?» degan fikr o‘tdi.
Bundan uch oy muqaddam Malikul sharob qul bozoridan o‘n besh-o‘n olti yashar bir joriya sotib olgan edi. Joriyaning ismi Sadaf bo‘lib, o‘zi Xorazmdan, ko‘p yillik qadrdoni Beruniy yurtidan edi.
Sadafbibi qo‘l-oyog‘i chaqqongina, yoqimtoygina qiz ekan, birpasda hammaga yoqib qoldi, ko‘p yillardan beri dard chekib, to‘shak yozib yotgan nogiron kampiri Nargizabonuga ham juda qo‘l keldi. Lekin bundan bir oy muqaddam, Sadafbibini ko‘rib, u bilan suhbatlashib qolgan birodari Abu Rayhon: «Joriyangni menga ber, mening uyimda xizmat qilsin, juda pok qiz ekan, bu shilqim mayxo‘rlar orasida unga jabr bo‘libdi», deb qoldi.
Malikul sharob boshda Abu Rayhonga ham rad javob berdi, biroq keyin o‘ylab ko‘rib, uning haq ekaniga iqror bo‘ldi-yu, Sadafbibini unga berishga rozi bo‘ldi. Aksiga olib, xuddi o‘sha kunlari bu bukri ham Sadafbibini so‘rab keldi. Malikul sharob Abu Rayhonga va’da berib qo‘yganini aytsa ham, yalinib-yolvorib turib oldi, katta pul, o‘z narxida o‘n baravar katta pul va’da qilib, oyog‘iga yiqildi…
Abu Rayhon Sadafbibini so‘rab kelganida bir narsani ro‘kach qilgan, ya’ni, uni bibining xorazmcha chuchuk tili rom qilganini aytgan edi. Ajabo: bu bukrini ham xuddi shu narsa maftun etgan emish! Biroq maftun bo‘lsin-bo‘lmasin, Sadafbibini qaytarishning iloji yo‘q, u Abu Rayhonning ixtiyoriga o‘tgan edi. Shundan beri Piri Bukriy Malikul sharobdan arazlab yurardi. Nahot bugun tag‘in o‘sha iltimos bilan kelgan bo‘lsa?
– Xo‘sh, xizmat, azizim?
– Malikul sharob, – dedi Piri Bukriy shivirlab. – Boyagi ikki sayyohning biri g‘avg‘o ko‘tarib, to‘polon qiladur.
– To‘polon qilsa, to‘rt tomoni qibla! Ne deb to‘polon qiladi?
– Joy so‘raydur, shohona joy!
– Shohona joy tilasa mening kulbai vayronamda ne qiladi? Ayt, sulton Mahmudga borsin! Shoyad Osmon malikasidan joy bersa?
Piri Bukriy qo‘lidagi shamni balandroq ko‘tarib, burchakka tutilgan narda tomon o‘g‘rincha bir qarab qo‘ydi.
– So‘zimga quloq soling, pirim! Yosh sayyoh aytadiki, yonidagi keksa sayyoh o‘shal… hakimi davron… hazrat Abu Ali ibn Sino emish! Ul zoti sharifning hurmatini bajo keltirmoq darkor emish!..
– Ne deding? Hazrat Ibn Sino?
– Shunday, pirim, O‘shal, dong‘i olamga ketgan hakimi davron Abu Ali ibn Sino hazratlari emish!
Malikul sharob qizargan ko‘zlarini katta ochib, bir zum angrayib qoldi, so‘ng, patak soqolini silab mastona kuldi:
– Ibn Sino hazratlari bo‘lsa… sulton Mahmudga borsin! Mana, yigirma yildirki, sulton uni topolmay dog‘da yurmish!
Piri Bukriy negadir yana burchakdagi parda tomon ko‘z tashlab:
– Pirim, – deb shivirladi. – Yosh sayyoh bir surat ko‘rsatdikim, mavlono Beruniy ko‘rsatgan suratning baayni o‘zi! Bu sayyoh bilan o‘shal suratdagi Ibn Sinoni ajratib bo‘lmas, pirim. Bamisoli bir tomchi suv!
Malikul sharobning yumuq ko‘zlari yarq etib ochilib ketdi. U olacha to‘nini egniga tashlab, o‘rnidan tura boshladi. Biroq shu payt parda ichidan ayol kishining «mirzam», degan zaif ovozi eshitildi. Malikul sharob bukriga «sen boraver», deb imo qildi-da, pardani ko‘tarib go‘shaga kirdi.
Parda orqasidagi to‘shakda… sochlari qorday oppoq, ko‘zlari katta-katta, nimjongina bir ayol o‘tirar, uning peshonasidagi moshdekkina qizil xoli ayolning hind yurtidan ekanini ko‘rsatib turardi.
Malikul sharob to‘shak chetiga tizza bukarkan o‘zgacha bir muloyimlik bilan:
– Nechun uxlamaysiz? – deb so‘radi. – Yana og‘riq boshlandimi, bonu?
Nargizabonu, ikki barmog‘i kesilgan mayib qo‘li bilan to‘zg‘igan sochlarini tuzatarkan, katta-katta timqora ko‘zlari allaqanday charaqlab:
– Bu so‘z rostmi, mirzam? – deb so‘radi. – Hazrat Ibn Sino…
– Shoyad rost bo‘lsa! – Malikul sharob ayolning barmoqlari yarmidan kesilgan to‘mtoq kaftini qo‘liga olib, lablariga bosdi, bosarkan, odatdagidek, yana o‘sha yiroq, ammo har eslaganda xuddi kechagina ro‘y bergandek, vujudida titroq uyg‘otuvchi unutilmas bir manzara ko‘z oldiga keldi.
G‘azna chekkasidagi hindlar dahasi. Dahaning eng xilvat joyidagi pinhoniy bazmxona. Go‘zal raqqosalar, xonanda va sozandalar bazmxonasi. Amir Sabuqteginning erka farzandi, yosh Mahmud o‘zining eng yaqin g‘ulomi, bolalikdan birga o‘sgan tengdoshi Qutlug‘qadam bilan har kecha shu xufiya bazmxonaga ravona bo‘lishadi. Taqvodor otadan yashirincha, go‘zal raqqosalar bazmini ko‘rgani borishadi. Yo‘q, hamma raqqosalar emas, ofatijon raqqosalar orasidagi eng ofatijon Nargizabonuning raqslarini tomosha qilgani borishadi. Nargizabonu endi o‘n uchga to‘lib, o‘n to‘rtga qadam qo‘ygan, biroq uning husni, tilla ma’budadek nozik bo‘y-basti, peshonasidagi moshdek qizil xoli, ayniqsa doim kulib turguvchi katta-katta timqora ko‘zlarini bir ko‘rgan yigit toabad unutmaydi. Raqslari esa… uning raqslari ham go‘dak kulgusiday ma’sum, ham bamisoli olov! Xuddi lovullab yongan olov yanglig‘ bu raqs tirik jon borki yondiradi, o‘liklarga esa jon ato qiladi…
O‘sha oqshom ham, ikki po‘lat qilich qinidan chiqqan o‘sha mash’um oqshom ham Nargizabonu egnida harir ipak sari, bejirim oyoqchalarida qo‘sh-qo‘sh tilla xol-xol, qo‘llarida yoqut qadalgan qo‘sh-qo‘sh tilla uzuk, nozikkina yarim yalang‘och tanasini ming muqom bilan qilpillatib shunday xiromon qildiki, amir Mahmud bilan uning sodiq g‘ulomi Qutlug‘qadam raqqosa oldida barobar tiz cho‘kib, unga chiniy piyolalarda barobar sharbat tutishdi.
Timqora ko‘zlari yulduzday chaqnagan yosh malak, lablarida ma’sum tabassum, sersoqol sozandalar soziga mos xiromon qilganicha, ikki mashhur mehmonga yaqinlashib bordi, so‘ng tamanno bilan egilib ta’zim qildi-da, tirnoqlariga xina qo‘yilgan nozik qo‘llari bilan amir Mahmudning… yo‘q, Mahmud emas, uning g‘ulomi Qutlug‘qadamning piyolasini oldi. Olishga oldi-yu, piyolaga lab tekkizishga ulgurmadi. Yosh amir, qo‘lidagi sharob to‘la kosani shiftga qarab qulochkashlab otdi-da, o‘rnidan sapchib turib, shartta qilichini qinidan sug‘urdi. Undan u yog‘i bir zumda, ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ldi: Nargizabonu qo‘lini boshi uzra ko‘targancha faryod chekib, o‘zini sozandalar davrasiga urdi. Biroq g‘azabdan jazavasi tutgan yosh amir ikki hatlashda malakka yetib, uning boshi uzra ko‘targan nozik qo‘llariga qilich soldi. Qo‘sh barmog‘i uchib ketgan raqqosaning zorli faryodi bazmxonani zir titratdi. Bu faryoddan o‘ziga kelgan Qutlug‘qadam ham sakrab turib amirga tashlandi. U jonholatda qilich tig‘ini changallab olgan ekan, uning qo‘lidan ham tirqirab qon oqdi. Lekin u og‘riqni sezmadi. Qo‘lidan tirqirab oqqan qonni ham ko‘rmadi. Uning ko‘zi kesilgan barmoqlarda edi. Raqqosaning xina qo‘yilgan nafis qoramtir barmoqlari, xuddi joni borday, yerda dik-dik sakrar, boshi uzilgan mitti qushchalarday pitirlardi!..
…Ertasiga ularni amir Sabuqtegin o‘z ko‘shkiga chaqirtirdi. Keksa amir, bir yonida bosh vazir, bir yonida qadrdon sarbozi Qorag‘ulom, oltin taxtda qovog‘ini uyib o‘tirardi. U o‘ziga yarashgan qalin ketmon soqolini tutamlab, ikki og‘izgina va’z aytdi:
– Faqir senlarni aka-ukaday inoq, ikki do‘st, ikki birodar bo‘lib ketar, deb o‘ylagan edim. Nadomatlar bo‘lg‘aykim, oralaringda raqobat paydo bo‘libdi. Raqobat bor joyda sadoqat bo‘lmas! Shu bugundan boshlab saroyda sening qorangni ko‘rmayin, Qutlug‘qadam! Seni ham Qorag‘ulom!.. Bilamen, sen menga salkam yigirma yil halol xizmat qilding. Ammo bukun men seni farzandingga qo‘shib dargohimdan haydamoqdan boshqa choram yo‘q… Ayb menda emas, Qorag‘ulom, ayb takabbur zurriyotingda! Bergan tuzimga rozimen, Qorag‘ulom!..
Valine’mat padari Qorag‘ulom – ollo uning ruhini shod etgay, – cho‘yanday qop-qora, alpqomat odam edi. Keksa amirning bu so‘zlaridan battar qorayib ketdi. Biroq lom-mim demadi. O‘g‘liga zimdan ko‘z qirini tashlab: «Yur!« deb ishora qildi-da, indamay eshik tomon yo‘naldi.
…Malikul sharobning xayolini Nargizabonuning:
– Sizga ne bo‘ldi, mirzam? – degan ovozi bo‘ldi. – Ko‘zingizda yosh…
Malikul sharob chandiq qo‘li bilan nam kipriklarini silab, istehzoli kulimsiradi:
– Kechirgaysiz, bonu, kayfim oshib qolibdi…
Nargizabonu, xuddi go‘dakni koyigan onaday, ma’yus kulimsirab:
– O, mirzam, mirzam! – deb oppoq boshini sarak-sarak qildi.– Qo‘ying shu mayu sharbatxonangizni! Payg‘ambar yoshiga bordingiz, mana!..
– Avf etasiz, bonu, faqir o‘zi qarisa ham, ko‘ngli qarigani yo‘q. May esa…
May men uchun ohu ko‘zli malakdur,
Bo‘sa uning jufti, jonparvaridur.
Ohu ko‘zlar porlar, nechun o‘pmayin,
Oltin sharbat chorlar, nechun ichmayin
Sanam yanglig‘… ul xasta dil oromi…
Nargizabonu mayib kaftini yuragiga bosib asta pichirladi:
– Boring, Ibn Sino hazratlari kutib qolmish!
– Shoyad sizning baxtingizga bu gap rost bo‘lsa! – Malikul sharob tokchadagi shamni qo‘liga olib, turtinib-surtinib go‘shadan chiqdi.
…Mayxona hamon boyagiday g‘ira-shira edi. Ikki sayyohdan boshqa mayxo‘rlar tarqab ketgan, faqat poygakdagi bo‘yra ustida notanish bir devona yirtiq kulohini boshiga qo‘yib, g‘ujanak bo‘lib uxlab yotardi.
Ikki sayyohning biri, soqol-mo‘ylovlari o‘ziga xo‘p yarashgan allomanamo keksa sayyoh to‘rdagi ko‘rpachada, qo‘sh bolishga suyanganicha pinakka ketgan, uning shogirdi esa, beriroqdagi xontaxta oldida shokosaning yuzidekkina suratni Piri Bukriyga ko‘rsatib, gap uqtirib o‘tirardi.
Malikul sharob poygakda to‘xtab, bir qo‘sh bolishga suyanib pinakka ketgan keksa sayyohga, bir shogirdining qo‘lidagi suratga ko‘z tashladi… Vo darig‘! Bu o‘sha aziz birodari Abu Rayhonning uyida ko‘rgan hazrat Ibn Sinoning surati edi! Chiroyli moshguruch soqolini ko‘ksiga bosib pinakka ketgan to‘rdagi xushsurat sayyoh esa… suratdagi Ibn Sinoning o‘zi, baayni o‘zi edi!..
Yosh sayyoh eshikda paydo bo‘lgan Malikul sharobni ko‘rib, mastona chayqalib o‘rnidan turdi.
– Jumlayi jahon darveshlarining piri murshidi Malikul sharob hazratlari salomat bo‘lsinlar!
– Tashakkur, azizim! – Malikul sharob mast-alast mayxo‘rlarni sira xushlamas edi, biroq bu yosh sayyohning sarmast qiliqlari yosh bolaning erkalanishlaridan samimiy va yoqimtoy edi.
– Kechirgaysiz, pirim! Biz faqirlar sizday pirimning shuhratini eshitib, shahri Tusdan chiqib kelgan edik. Ming afsuskim, bu yerda kamina u yoqda tursin, hakimi davron… ustod Abu Ali ibn Sino hazratlari ham o‘z hurmatiga munosib izzat-ikrom topmadilar!
«Shahri Tus? Abu Rayhonning aytishicha, Ibn Sino hazratlari Buxoroi sharifda dunyoga kelgan edi chog‘i?».
– Kechirgaysiz, azizim. Bu hakimi zamon hazrat Ibn Sino… shahri Tusda tavallud topganlarmi?
– Yo‘q, taqsiri olam! Ibn Sino hazratlari Buxoroi sharifda tavallud topganlar. Ammo Buxoroi sharif ilk xonlar tasarrufiga tushibdiki, ular xizmatida bo‘lishdan bosh tortib, shaharma-shahar, elma-el darbadar kezib yuradurlar! Ammo qayerga bormasinlar, ahli mo‘min bu zoti muborakni boshlariga ko‘tarib izzatladilar. Siz G‘azna ahli esa, hakimi hoziqning qadrini bilmadingiz! – shogirdning ovozi to‘satdan qandaydir tahdid bilan yangrab ketdi-yu, keksa sayyoh cho‘chib boshini yostiqdan ko‘tardi. U bir mastona chayqalib turgan shogirdiga, bir hayratda qotib qolgan Piri Bukriyga, bir Malikul sharobga qaradi, so‘ng hamma gapga tushundi chamasi:
– O, tentak, tentak! – dedi kuyinib. – Kamina senga necha marta aytdim, nomimni sotma, kimligimni oshkor qilma, deb! Necha marta aytdim…
Keksa sayyohning allaqanday ichki dard bilan aytgan bu so‘zlarida, xushsurat chehrasida, serviqor nigohida kishini o‘ziga rom qiluvchi shunday zo‘r bir iqtidor bor ediki, Malikul sharob beixtiyor qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, unga ta’zim qildi.
– Uzr, ustod. Osiy banda g‘arib kulbamga sizday tabarruk zotning qadam ranjida qilganlaridan bexabar qolibmen! Hoy, kim bor? Darhol ichkariga joy qilinglar! Darhol!