Czytaj książkę: «Alamazon va uning piyodalari»
Ona yurtimning jasur farzandlariga bag‘ishlayman
TOSHTAQALIK QILICHBOZ YOKI MUQADDIMA
Toshtaqa qishlog‘i Yelkantog‘ning tik va zabardast qoyalari bilan uch tarafdan qurshab olingan. Yuqoridan turib qarasangiz, qishloq afsonaviy devlar tulporidan tushib qolgan bahaybat taqaning o‘rtasida turganga o‘xshab ko‘rinadi.
Taqaning ochiq qismini Qo‘chqorsoyning asov to‘lqinlari keskir shamshirdek to‘sib turar, bu soy kunchiqardagi qoya ustidan taralib tushadigan sharsharaning davomi bo‘lib, kunbotardagi o‘rkach ostiga yetganda, aylana hosil qilgancha shimolga tomon burilib ketardi. Jannatariqdan oqadigan bir tegirmon suv sharshara bo‘lib pastga tushgach, birdan ulkan soyga aylanib qolishi qishloqqa birinchi marta kelganlarni qattiq hayronlikka solar, sharshara ostidan biqillab buloq chiqib turishi faqat shu yerda yashaydigan kishilargagina ma’lum edi.
Qishloqning pastqam imoratlar tobora siyraklashib borgan janubiy qismida Yelkantog‘ etaklariga qadaluvchi barra yaylov o‘txo‘rlar oldiga yoyib qo‘yilgan ulkan dasturxondek yastanib yotardi. Tog‘ cho‘qqilari ostiga qurilgan pillapoyani eslatuvchi o‘rkachlarning birinchisi pistazor bo‘lib, uning kungay joylarida isiriqlar g‘ujg‘onlanib o‘sar, bu yerning har bir giyohi shifobaxsh edi.
Ikkinchi o‘rkachga ko‘tarila borganingiz sari, yolg‘iz-yorti archalar uchrayotgandek tuyuladi, lekin nafasni rostlab olish uchun biroz to‘xtalib, atrofga nazar solgan paytingizda qalin o‘rmon ichiga kirib qolganingizni sezib, birdan hayratga tushasiz. Engashvolib yuqoriga ko‘tarilishning mana shunaqa g‘alati sehri bor.
Bu o‘rkachga qadam bosgan kishi yer yuzida nasli kamayib ketayotgan popukdor hilolkakliklarning tiniqib sayrashini eshitib, huzur qilganicha beixtiyor ayiqtovonlar og‘ushiga yonboshlaydi. Keksa ovchilar bu noyob parranda galasi Jandag‘orda qishlab, o‘sha joyda bolalashsa kerak deb taxmin qilishar, chunki g‘or ichida hilolkakliklarning rangdor patlari to‘zg‘oqdek sochilib yotardi.
Undan keyingi o‘rkachni toshtaqaliklar «kashta» deb atashadi. O‘rkachda qizil, sariq, pushti lolalar oila-oila bo‘lib ochilar, bodroqdek gullagan chechaklar ko‘k mato ustiga sochilgan turfabo‘yoq qog‘oz tangachalarni eslatar, hatto bu yerning kapalaklari ham rango-rang edi. Yelkantog‘ning yam-yashil o‘rkachlari uzra qad ko‘tarib turgan kumush cho‘qqilar «kashta»dan yanada ko‘rkamroq ko‘rinar, bu manzaraga mahliyolanib boqqan kishining ko‘z o‘ngida sokin dengiz ufqini qamrab olgan sonsiz yelkanli qayiqlar tizmasi namoyon bo‘lardi.
Mustahkam qal’ani eslatuvchi bu jannatmakon qishloqqa faqat bitta yo‘l orqali kirish mumkin edi. Qo‘chqorsoy ustiga qurilgan ko‘hna osmako‘prik Toshtaqaning faxriy darvozasi hisoblanadi.
Biz o‘zimizni o‘sha osmako‘prikda turgandek faraz qilaylik. Ko‘prikdan picha nariroqdagi yapasqi xarsang ustiga o‘tirib olib, ko‘piktil to‘lqinlarga oyoqlarini objuvoz to‘qmoqlaridek galma-gal chapillatib urayotgan qiyg‘irko‘z bola qissamizning bosh qahramoni Alamazondir.
«Alamazon» toshtaqaliklar shevasida gurkirab yonayotgan gulxanni anglatadi. To‘y va bazmlarda uyqusizlikdan gandiraklab yuruvchi qishloq bolalari uchun davra o‘rtasidagi gulxanga moy sepilgan chog‘da «alamazo-o-n, guldiramazon» deb chapak chalib irg‘ishlashdan ortiqroq zavq bo‘lmas, bu qiyqiriqlar muntazam ravishda qissamiz qahramonining jig‘iga tegib kelar, shu tufayli u biron bahona topib, bu an’anaviy marosimni ommaviy shapatibozlikka aylantirib yuborish payida yurardi.
Alamazon uchta narsani xush ko‘radi: birinchisi – futbol o‘ynab charchagach, cho‘zilvolib kitob o‘qish; ikkinchisi – kitobda o‘qiganlari haqida miriqib xayol surish va xayol surishdan junbishga kelgan tuyg‘ularini qog‘ozga to‘kib she’r mashq qilish; uchinchisi – oq qog‘ozga termilishdan ko‘zi tinganda dunyodagi barcha tashvishlardan voz kechib, sillasi quriguncha yana to‘p tepish. Lekin kishi o‘z istaklariga osonlikcha erishganini hali hech kim ko‘rmagan. Bu fikrni jumladan Alamazon ham tasdiqlashi mumkin. U to‘p tepaverib, tuproqqa belanib qaytgan chog‘da ayasidan «quloqcho‘zma» oladi; yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan kitoblarni o‘qigani uchun akasi tiraqaylatib quvib qoladi; xilvatroq joyga pisib olib she’r mashq qilish va uzoqroqqa cho‘zilgan sang‘ishlar esa dadasining shimdan kamar sug‘urishi bilan yakunlanadi. Bu yetmaganidek, bolakayning allaqachon to‘qsonni urib qo‘ygan buvisi har uchala holatda ham «bu mahmadananing tizginini tortib qo‘yish kerak», deb tergaguvchilarga dalda berib turadi. O‘zingiz sezib turibsizki, qahramonimizning me’dasiga tegib ketgan narsa mehribonlari tomonidan qilinadigan ta’qiblardir.
Hammadan ham odamlarga o‘xshab xohlagan kitobini tanlab o‘qiyolmasligi Alamazonga juda alam qilardi. Bolafaqir Chipollino, Buratino, Tom Soyer, Gek Finn, Ravshanbek, Alpomish kabi qahramonlar bilan «Alifbe»ni yod olgandan buyon olishadi. «Robinzon Kruzo» bilan «Maugli»ni azbaroyi boshqa durustroq kitob yo‘qligidan uch-to‘rt martalab o‘qib chiqdi.
Oxiri, bir kuni tavakkal qilib, akasining kitob taxmoniga hujum boshladi. Taxmonning Alamazon uchun taqiqlab qo‘yilgan qismidan «O‘tkan kunlar» degan kitobni shartta sug‘urib oldi-yu, uch kun yayrab mutolaa qildi. Bu voqea bundan roppa-rosa ikki yil burun, u beshinchi sinfni tugallab, xuddi hozirgidek ta’tilga chiqqan paytda yuz bergan edi.
Kunlar o‘taverdi. U akasidan hadiksiray-hadiksiray «Sarob», «Choliqushi» va «El qizi»ni o‘qib chiqdi. «Anna Karenina»ning birinchi qismini tugallay deb turganda nihoyat o‘sha xunuk ish sodir bo‘lib, akasi uni bexos qo‘lga tushirdi. Bu – qahramonimizni kelgusida kutayotgan o‘nlab ko‘rguliklarning boshlanishi edi, xolos.
Bolalar uchun yozilgan kitoblardan Alamazon odamlarga yaxshilik tilashni o‘rgangan, haqiqat va ezgulik yolg‘on va olchoqlik ustidan g‘alaba qilishi muqarrarligini tushunib yetgan edi. Kattalarga atalgan kitoblarni o‘qigan sayin unda odamlarga bevosita yaxshilik qilish istagi kuchaya bordi, haqiqat va ezgulikning g‘alaba qozonishi uchun yolg‘on va olchoqlikka qarshi kurashish lozimligini tobora chuqurroq anglay boshladi. U odamlarga iloji boricha yirikroq yaxshilik qilish va uning bu ishi kam deganda butun bir mamlakat miqyosida katta «shov-shuv»ga sabab bo‘lishini istardi.
Alamazonning yana bir g‘alati xislati shu ediki, biron-bir kitobni o‘qib chiqqach, undagi bosh qahramonga beixtiyor taqlid qila boshlardi. Masalan, u «Gamlet»ni o‘qib yurgan pallada biroz parishonxotir va bosiq bo‘lib qoldi. Muallimlar, «shumtakaga insof kirganga o‘xshaydi», deb sevinib yurishganda u «Shum bola»ni o‘qishni boshlab yubordi-yu, yana aynib ketdi. «Spartak»ni tugatgandan keyin esa yog‘och qilich bilan sinfdoshi Karim ko‘chirmachining boshini yorib qo‘ygani haqida butun qishloqqa «mish-mish» tarqaldi. Bundan xabar topgan maktab qilichbozlik to‘garagining rahbari, «menga mana shunaqa tirishqoq talaba kerak edi», deb uni zo‘rlab to‘garakka a’zo qildi.
Dadillik va chapdastlik Alamazonning tug‘ma qobiliyati edi. Ko‘p o‘tmay u o‘zi istamagan holda (uning ko‘ngli hamon futbolni tusardi) maktabda dovrug‘ taratgan shamshirchi bo‘lib qoldi. Boshlang‘ich sinfdagi bolalar uni ko‘rganda, «ana, eng zo‘r qilichboz kelyapti», deb o‘zaro shivirlashib qo‘yishardi. Lekin qilichbozlikdan qancha obro‘-e’tibor topgan bo‘lmasin, raqibga «ukol» sanchish o‘zgalar darvozasiga to‘p kiritishchalik zavq berolmasdi unga. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Alamazon bora-bora to‘garakdagi mashg‘u-lotlarga nomuntazam keladigan bo‘lib qoldi. «Alvido, qurol!» degan kitobni o‘qib chiqqandan keyin esa, qilichbozlikdan butunlay voz kechib, yana futbolga berilib ketdi.
Yanglishmasam, siz bilan biz hozircha Qo‘chqorsoy ustidagi osmako‘prikda turibmiz. U yoq-bu yoqni kuzatishda davom etaylik. Alamazondan to‘rt qadamcha narida so‘ppayib o‘tirvolib, soy yoqasida shig‘il-shig‘il pishgan ituzumlarni kapalab yutayotgan lavoqqina bola bosh qahramonimizning injiq piyodasi Eshmat ishma bo‘ladi.
Eshmat o‘zini ortiqcha urintirib yuradigan laqma bolalardan emas, faqat bitta narsani xushlaydi va bor-yo‘g‘i bittagina narsani yoqtirmaydi. U yashashni to‘yib-to‘yib ovqatlanish deb tushunadi va shu nuqtayi nazardan qarab, kavshanishni haddan ziyod yaxshi ko‘radi.
Maktabga qabul qilinmasdan avval Eshmat biron narsani astoydil yomon ko‘rmagan. Lekin sinfga «Arifmetika» o‘qituvchisi kirib kelgan birinchi kundayoq dunyoda odamlarning asabini egovlash uchun ataylab yaratilgan yovuz vositalar mavjudligini u darhol fahmlab yetdi. Qitmir arifmetik raqamlar mujmal algebraik belgilarga aylana borgani sari Eshmatning matematikaga bo‘lgan munosabati tobora sovuqlasha boshladi, oxiri bu fanni insoniyatning dushmani deb bildi.
Endi osmako‘prikdan asta uzoqlashaylik-da, kelgusida g‘aroyib voqealarni boshdan kechirishi lozim bo‘lgan qahramonlarimizni o‘z hollariga qo‘yaylik.
ESHMATNING FRENSIS BO‘LGANI
– Nimalarni o‘ylayapsan, vey, Alamazon? – ituzumni kaplayotib so‘radi Eshmat.
– Xazinani.
– Iye-iye, qanaqa xazina?
– Qanaqa bo‘lardi, rostakami-da, – oyog‘ini suvdan olib, sherigi tomonga o‘girildi Alamazon. – Nima, kitobni o‘qib bo‘lmadingmi hali?
– O‘qib ko‘rdim.
– Shundan keyin ham xazina to‘g‘risida o‘ylamayapman degin?
Alamazon ta’tilning dastlabki kunlarida Jek Londonning «Uch qalb» degan kitobini o‘qib chiqqan, qorong‘i g‘or vahimalarini zarracha pisand qilmaydigan, hatto o‘lim dahshatidan ham titramaydigan quvnoq va qaysar xazina qidiruvchilar jasorati uni qattiq hayajonga solgandi. Shundan so‘ng «Uch qalb»ni maqtab-maqtab Eshmatning qo‘liga tutqazdi. Qiziq! U kitobni o‘qib tugatibdi-yu, baribir ituzumdan boshqa narsani o‘ylamayapti.
– Yo‘q narsaga boshimni og‘ritib jinni bo‘pmanmi? – kavshanganicha javob qildi Eshmat. So‘ng lunjidagini yutib, qo‘shib qo‘ydi. – Ochig‘ini aytsam, o‘sha xazina axtaradig‘onlaring menga yoqmadi. Tillo topaman deb o‘lib ketishlariga bir bahya qoldi-ya. Tag‘in och qopketishganini aytmaysanmi.
– Bir o‘ylab ko‘rgin-a, – jahlini ichiga yutib, iloji boricha silliqroq gapirishga tirishdi Alamazon, – hinduning g‘orida xazina bo‘ladi-yu, o‘zbeknikida bo‘lmaydimi? Qulog‘imni garovga tikib aytamanki, o‘zimizning Jandag‘orda ham xazina bijib yotibdi. Uni topadigan odam yo‘q, xolos.
Alamazonning oftobda qoraygan yuzlarida kuldirgich o‘ynadi.
– O‘sha xazinani topib olsak bormi, heh-hey, odamlarga qancha yaxshiliklar qilish mumkin bo‘lardi-ya!
Keyin u, asosan, qanday yaxshiliklar qilish mumkinligini sanay boshladi. Birinchi galda yaylov etagiga o‘n ming kishilik stadion quriladigan bo‘ldi.
– Iye-iye – taajjubdan ko‘zlari olaydi Eshmatning, – qishlog‘imizdagi odam ja borsa ikki mingtadir. Boshingga urasanmi munaqa stadionni?
– Keyinchalik odam ko‘payib ketadi, – sira ikkilanmay bashorat qildi Alamazon. – Masalan, Orif tog‘aning o‘n bitta bolasi bor. Uning har qaysi bolasi yana o‘n bittadan bola ko‘radi. Bolalarining bolalari yana o‘n bittadan. Hisoblab ko‘r-chi.
Eshmat o‘zini matematika darsida o‘tirgandek his etib, aftini bujmaytirdi. Alamazon o‘zicha xomcho‘t qilib ko‘rsa, bunaqada odam juda ko‘payib ketarkan. Qishloqda esa joy tor. Shunda u topilishi mo‘ljallanayotgan xazina hisobidan birmuncha ko‘pqavatli uy qurib tashlash kerak degan qarorga keldi. Marmar devorli kattakon choyxona qishloq qariyalari ko‘p to‘planadigan guzarda qad ko‘taradigan bo‘ldi. Hamma ko‘chalarga asfalt yotqizilib, Qo‘chqorsoy ustidagi ko‘prik yangilanishi kerak edi. Ko‘prikning panjaralari sof kumushdan bo‘larmish. Eshmat shu to‘polonda qishloqqa besh qavatli oshxona ham qurib qo‘yish kerakligini qistirib o‘tdi.
– Ahmadali otaga atab terak bo‘yi haykal o‘rnatamiz, – qat’iy ahd qildi Alamazon.
Butun umri boshlang‘ich sinflarga dars berish bilan o‘tgan Ahmadali Obidiy bundan ikki yilcha burun, pensiyaga chiqishiga bir oygina qolganda qo‘qqis vafot etgandi. Uning sobiq o‘quvchilaridan ikkitasi urushda qahramon bo‘lgan, bittasi hozirda vazir, yana bittasini shahardagi yog‘ zavodida direktor deyishadi. Uzoqqa borib o‘tirmaylik, shaxsan Alamazonning o‘zini ham birinchi sinfda Ahmadali ota o‘qitgan.
«Yana nima qilsam ekan? – o‘ylanib qoldi Alamazon. So‘ng o‘zicha qo‘l siltab qo‘ydi. – Ha, mayli, xazina topilgandan keyin tuzukroq o‘ylab ko‘rarman. Mirzaqand piyon vaysaganidek, puling ko‘paygan sari sarfing ham oshib boraveradi».
– Boramizmi, oshna? – Eshmatning ko‘ziga tikildi Alamazon.
– Qayoqqa?
– Qayoqqa bo‘lardi, xazinani topgani-da.
– O‘zing boravur, – iyak otib ming‘irladi Eshmat. – G‘orda pishirib qo‘yibdimi?
– Qo‘rqoq! Tag‘in seni Frensis deb chaqirmoqchi bo‘lib yuribman-a. Xayf senga bu nom.
«Uch qalb»dagi xazina qidiruvchilar orasida ikki asosiy qahramon bo‘lib, ulardan birining ismi Genri, ikkinchisiniki Frensis edi. Frensis! Agar imkonini topsa, Eshmat o‘zining «Ishma» degan xosiyatsiz laqabini jon-jon deb Frensisga almashtirgan bo‘lardi. U o‘ylanib qoldi.
Eshmatga bu nomni va’da qilishdan oldin Alamazon ham anchagina bosh qotirgandi. Uning fikriga ko‘ra Eshmat na Genrilikka loyiq edi, na Frensislikka. Ikkala nomga ham faqat Alamazonning o‘zigina munosib edi. Ammo insof yuzasidan bittasini baribir Eshmatga berishga to‘g‘ri kelardi.
«Mayli, unga bittasini beraman, – ko‘nglidan o‘tkazdi Alamazon. – Lekin mendan ortganini oladi».
U avval Frensislikni tanladi. Frensis – aqlli, botir. Buning ustiga aslzoda. Genri-chi? U ham mard va jasur bo‘lsa-da, Frensisdek sermulohaza emas.
Shu payt kitobdagi bir voqea dabdurustdan Alamazonning esiga tushib qoldi. Unda, yengilganning qulog‘ini kesib olish sharti bilan bo‘lgan olishuvda Genri Frensisdan g‘olib kelgan va raqibining qulog‘ini kesmay oliyjanoblik qilgan edi. Birgina shu narsa Frensisning bor afzalliklarini sariq chaqaga chiqarib qo‘ydi. Alamazon Eshmatdan ko‘ra madaniyatsizroq bo‘lishga chidashi mumkin edi, ammo olishuvda kelib-kelib shu ishkambadan mag‘lub bo‘lishdek isnodni o‘z gardanida ko‘tarib yurolmasdi. Xullas, u Genrilikni tanladi.
– Darrov jirrakilik qilavurma-da, – dabdabali laqabni o‘zlashtirib olish umidida keskin muloyimlashdi Esh-mat. – Jandag‘oringda tillo bormikin o‘zi?
– Bor. Ishonmasang, qulog‘imni garovga qo‘yaman. G‘orning oxirida Zimistonsaroy degan joy bor deyishadi. Xazina o‘sha yerda bo‘lishi kerak.
– Sen olvoladig‘on narsalarimizni lo‘nda gapirmayapsan, – g‘orga borishga rozi ekanligini bildirish bilan birga, nafsi uchun qayg‘urishni unutmadi Eshmat. – Nima, qornimiz ochmaydimi?
– Tashvishlanma, men piyodalarimning g‘amini yeb qo‘yganman, – Alamazon shunday deya xarsang ustiga chiqib, qaddini rostladi. Keyin boshini baland tutib, tantanavor ohangda e’lon qildi. – Tayyorlan, Frensis! Muqaddas yurishni boshlaymiz. Oldinda – Jandag‘or!
Ular ertasi kuni barvaqt safarga otlanishdi. Pistazordagi changallarga bet-qo‘lini tatalatib yurmaslik uchun Alamazon Eshmatni kunchiqardagi qoyalarga tirmashgan ilonizi so‘qmoqqa yetakladi. Ular sharshara yonidan yuqoriga ko‘tarilib olishgach, Jannatariq yoqalab Yelkantoqqa chiqa boshlashdi. Bu ariq Jandag‘orning shundoqqina ustidan oqib o‘tardi.
ZIMISTONSAROY
G‘orning ichi sovuq va namxush edi. O‘zidan kuchliroqlarga yem bo‘lgan hayvonlarning qoqmoch suyaklari oyoq ostida qalashib yotar, hilolkakliklarning to‘zg‘oq patlari kishi nafas olayotgan paytda goh labga kelib yopishar, goh burunni qitiqlardi.
Tugmachiroqlarni yoqib olgan xazina qidiruvchilar g‘orga sarbozlardek kekkayib kirishgan bo‘lsa, jinday o‘tgach engashib, keyinroq bukchayib yurishga majbur bo‘lishdi. Oxiri sirkdagi qiziqchilarga o‘xshab, emaklay boshladilar.
– Ke, oshna, picha tamaddi qilvolaylik, – ancha emaklashgach, tuynukning kengroq yerida to‘xtalib dedi Alamazon. – Balki bunaqa qulay joy boshqa uchramas.
Eshmat hansiraganicha, indamay yonboshladi. Alamazon tugmachiroqni yoqib, kavakdagi tokchaga qo‘ydi-da, osmaqopchiqning og‘zini ochdi. Qattiq nonga qo‘shib ozginadan kalla go‘shti va tuxum yeyishdi. Keyin suvdonga yopishishdi.
Ovqatlanib bo‘lishgach, g‘orning tobora torayib, tuynukka aylanib borayotganini nazarda tutgan Alamazon osmaqopchiqni shu yerda qoldirib ketish kerak degan qarorga keldi.
– Suvdonni olib, cho‘ntaklarga ozginadan qattiq non solvolamiz, – dedi u buyruq ohangida.
Eshmatning Frensislikdan ko‘ngli sovib borayotgandi.
Bu yerda bekordan bekor emaklab yurish g‘irt ahmoqlik ekanligini ochiq gapirishga botinolmagan Esh-mat qurbaqaga o‘xshab o‘zimizni xor qilib yuramizmi, degan ma’noda gap boshladi va silliqqina qilib, orqaga qaytish haqida taklif kiritdi.
– Galvars! – shu zahoti uni jerkib tashladi Alamazon. – Biz orqaga qaytsak, Ahmadali otaga kim haykal o‘rnatadi? Stadion-chi?
– Jichcha shoshilmasang, davlatning o‘zi bizga kelishgan bitta stadion qurib berardi.
– Davlatga o‘ligingni ham ortvol, – o‘shqirdi Alamazon. – Sendaqa tekinxo‘rlar ko‘payib ketsa, davlatning uyi kuydi deyaver. Kimligingni aytaymi hozir?
Eshmat «kerakmas» degandek noxush qo‘l siltadi. Agar Alamazon istasa, xohlagan odamini har qanday yo‘l bilan aybdor qila olishini u yaxshi bilardi. «A» sinfda o‘qiydigan Bo‘tavoy degan bolaning bo‘yniga yo‘q narsadan ayb qo‘yganini Eshmat o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandi.
O‘shanda Alamazonning behiga otgan toshi qaytib tushib, daraxt tagida turgan Bo‘tavoyning peshanasini g‘urra qilgan edi. Surishtiradigan bo‘lsangiz, devonadan tortib donishmandgacha gunoh Alamazonda deb aytadi. Alamazon esa, Bo‘tavoyni yupatish o‘rniga birdan unga dag‘dag‘a qilib qolsa bo‘ladimi!
– Nega fizikani o‘qimaysan? – deya do‘q ura boshladi u Bo‘tavoyga. – Nega dars vaqtida anqayib o‘tirasan?
Bo‘tavoy dars paytida anqayib o‘tiradimi, yo‘qmi – bunisini bilmaymiz-u, lekin Alamazonning gapidan keyin u haqiqatan ham anqayib qoldi. Eshmat ham g‘urra bo‘lgan boshga fizikaning qanday daxli bo‘lishi mumkinligini tushunolmay garang edi. Har holda daxli bor ekan.
– O‘qishim bilan nima ishing bor? – ko‘zyoshini arta turib chiyilladi Bo‘tavoy. – Nima demoqchisan?
– Fizikadan baloni ham bilmaysan demoqchiman.
– Bekorlarni aytibsan! – aytayotgan gapi o‘z boshiga kulfat bo‘lib yog‘ilishini xayoliga ham keltirmay shang‘illadi Bo‘tavoy. – «Besh»ga bilaman o‘sha fizikangni.
– Bundan chiqdi, yerning tortish qonunini ham bilar ekansan-da, – battardan qizishdi Alamazon. – Voy, mug‘ambir! Voy, muttaham! Tepaga otilgan toshning yerga qaytib tushishini bilarkansan-ku!
Bo‘tavoyning tili g‘o‘ldirab qoldi. Bundan foydalangan Alamazon po‘pisani yanayam kuchaytirib yubordi.
– Nega daraxtning tagidan qochmading? Nega men otgan toshning tagiga qasddan burningni tiqasan? Yo meni dadamga kaltaklatmoqchi bo‘luvdingmi? Niyating shumidi hali?
Bechora Bo‘tavoy o‘shanda nima deyishini bilmay, ko‘zi go‘layganicha turib qoluvdi.
Eshmat ana shularni hisobga olib, Alamazon bilan bahslashib o‘tirmadi.
– Iye-iye, darrov qizishavurma, – dedi u, tezdayoq yuvvoshlanib. – Shunday… bir aytdim qo‘ydim-da.
G‘or tobora torayib bordi. Ular endi echkiemar singari qorinlarini yerga ishqab emaklay boshladilar. Buning ustiga toza havo kamligi tufayli nafas olish ancha og‘irlashib, xazina qidiruvchilarning kiyim-boshlari quyilib kelayotgan terdan shilta bo‘lib ketdi.
– Ke, endi qaytovraylik, – yana iltijo qildi Eshmat. – Bu turishda biror joyda qisilib qopketmaylik tag‘in.
– Qo‘rqma, tuynuk hali keng, – dedi Alamazon. – Xazina endi uncha uzoq bo‘lmasa kerak.
– Meni haliyam anchagina laqillatding, – nihoyat ko‘nglidagini ochiq-oydin to‘kib soldi Eshmat. – Munaqa sassiq joyda tillo bo‘larkanmi?
– Sen xudbinsan!
– Nima desang diyavur, men qaytaman.
– Sotqin! – Alamazonning jazavasi tutib qoldi. – Xayf senga Frensislik, sen Eshmat ishmasan!
– Frensisingni pishirib yegin!
– Shunaqami? Unda jo‘nayqol! – baqirib berdi Alamazon. So‘ng oldinga emaklashda davom etarkan, qo‘shib qo‘ydi. – Tezroq ket, qorangni boshqa ko‘rmayin. O‘zi havo yetishmay turibdi, sen uni battar buzyapsan.
Eshmat orqaga qaytishini ham, oldinga emaklashini ham bilmay, ikkilanganicha ancha vaqt turib qoldi. Oldinga emaklash xatarli, orqaga yolg‘iz qaytish esa vahimali edi. U nochor olg‘a siljidi.
Tuynukning oxiri shunaqayam tor ediki, kallasini Zimistonsaroy tomonga chiqarganicha, zambarakka solingan o‘qdek qisilib qolgan Eshmatni Alamazon zo‘r-g‘alatdan ichkariga sug‘urib oldi. Bu yer kishining bahri-dilini ochadigan darajada salqin va bahavo edi. Eshmat to‘yib-to‘yib nafas olarkan, kalamushning inidek tor tuynukda havo yo‘qligidan bo‘g‘ilib o‘lmaganining sababini nihoyat tushunib yetdi.
– Guvillayotgan nima? – xavfsirab so‘radi u, shilingan yelkalarini silayotib. – Chirog‘ingni yoqvor-chi. Meniki anavi tort-tortda majaqlanib ketdi.
– Bu suvning guvillashi, – Alamazon tugmachiroq nurini ulkan g‘or shipidan guvillab tushayotgan shalolaga to‘g‘rilagan chog‘da, u kumush narvondek yarqirab ketdi. G‘ordagi oromijon muhitning sababchisi – ana shu zilol shalola hosil qilgan serko‘pik hovuz birdek limillab turar, ortiqcha suv qayerga sizib ketayotganini bilib bo‘lmasdi. Devorlari po‘panak bosib yotgan bu g‘or o‘zining shipga borib taqalgan archasimon tosh ustunlari, qator-qator xonalarni eslatuvchi son-sanoqsiz kavak-kandiklari bilan hashamatli va huvullagan saroyga o‘xshab ketardi. Tevarak-atrofda yarqiragan biron narsa ko‘rinmagach, Eshmatning xunobi oshdi.
– Tillo qani? – so‘radi u hovliqib.
– Saroyni topdik, uniyam topamiz, – beparvo javob qildi Alamazon.
Xazina qidiruvchilar duch kelgan kavakni bir boshdan timirskilashga tushishdi. Kalla suqilmagan kavaklar soni kamaygan sari Eshmatning to‘yib-to‘yib yig‘lashga bo‘lgan xohishi shuncha kuchaya bordi. Oxirgi kavak ham diqqat bilan titkilanib, bezovta qilingan kaltakesakning zorlanib chirillashi eshitilgan mahalda uning ko‘zlaridan yosh siza boshladi.
– Hech bo‘lmasa, bitta pachoq qumg‘on topganimizdayam alam qilmasdi, – piqilladi Eshmat. – Endi nima degan odam bo‘ldik?
– Buncha po‘ng‘illaysan, hey ishma! – o‘shqirib berdi Alamazon. Toshlarni titkilayverib ko‘chib va qonab ketgan tirnoqlaridagi og‘riq zo‘rayib, shu topda uning jahli chiqib turgandi.
Shundan so‘ng u Zimistonsaroyning chag‘ir devorlarini tugmachiroq yorug‘ida qaytadan ko‘zdan kechira boshladi. Tuynukning qarama-qarshi tomonidagi pastdan shipgacha cho‘zilgan yoriqqa ko‘zi tushib, yaqinroq bordi. Alamazon chiroq nurini ichkariga qaratdi va bir qarich kenglikdagi bu yoriq ikki quloch joygacha torayib borgandan keyin eshikdek jipslashib qolganini ko‘rdi. Yoshligida buvisidan eshitgan Ali Bobo haqidagi ertak qo‘qqis yodiga tushib, ikki-uch qadam ortga tisarildi-da: «Sim-sim, och eshigingni!» – deb qichqirdi. Tosh o‘rnidan siljimagandan keyin ham Alamazon umidsizlikka tushmadi.
– Bilasanmi, xazina qayerda, – qaysarlik bilan Esh-matni shalola tarafga yetakladi u. – Ana shu hovuzning tagi oltinga to‘lib yotipti. Ishonmasang, qulog‘imni garovga qo‘yaman.
Hujum qiluvchilarning fikriga ko‘ra taxminan Zimistonsaroy o‘ramida yotgan xazinani o‘lja qilish uchun erta tongda Jandag‘or og‘zidan boshlangan jang-u jadal endi hovuzda davom ettirildi. Mazkur vaziyat o‘pkaga iloji boricha ko‘proq havo to‘plab, mumkin qadar chuqurroq sho‘ng‘ishni talab etardi. Oxiri shu narsa aniqlandiki, hovuz tubidan olib chiqilgan bir necha hovuch «namunalar» tashqi ko‘rinishdan Qo‘chqorsoydagi shag‘allarga judayam o‘xshab ketarkan.
Muzdek suvga sho‘ng‘iyverib dildirab qolgan xazina qidiruvchilar shosha-pisha kiyimlariga burkanishdi.
– Endi dorini ishga solaman, – oxirgi o‘qi qolgan jangchidek asabiy qiyofada cho‘ntagini kavlay boshladi Alamazon. – Balki tog‘am mendan xafa bo‘lar, lekin boshqa ilojim yo‘q.
Mashhur professor Og‘abek Turkoniy Alamazonga tog‘a bo‘lardi. Professor dam olgani Hindistonga ketayotib, singlisini yo‘qlab o‘tish uchun kecha Toshtaqaga kelgandi. Chamasi, u ertaga kechki payt shahar aeroportiga yetib borishim kerak, deyayotgandek bo‘luvdi.
Alamazon kecha g‘orga borish haqida Eshmat bilan kelishib olgandan so‘ng, uyga qaytib, tog‘asining yonida ancha gaplashib o‘tirdi. Bir vaqt professor cho‘ntagidan kumush quticha chiqarib, uni asta tokchaga qo‘ydi. Alamazon uning nima ekanligini so‘radi.
– Dori, – dedi tog‘asi va jilmayganicha qo‘shib qo‘ydi. – Uni ichgan kishi xuddi ertaklardagidek niyat-maqsadiga yetadi.
– Do‘xtir tog‘angda ana shunaqa ajoyib dorilar bor, – kuldi Alamazonning oyisi. – Shuning uchun ham ishlari doimo oldinga yuradi.
Alamazonning allamahalgacha uyqusi kelmadi. Uning miyasida, «o‘sha dorini ichib olsang, xazinani albatta topasan», degan so‘z qayta-qayta takrorlanar, ichiga bir juft sarg‘ish tugmadori solingan kumush quticha ko‘zi oldida suratdek qotib turardi.
«Har ehtimolga qarshi dorilarni olvolsammikan? – o‘yladi u. – Yo so‘ramay olganim uchun tog‘am xafa bo‘larmikin? Be-ye, do‘xtirlarda nima ko‘p, dori ko‘p».
– Iye-iye, – ko‘zlari javdirab, Alamazonning qo‘lidagi sarg‘ish tugmachalarga tikildi Eshmat. – Nima buning?
– Dori deyapman-ku. Buni ichgan niyatiga yetadi.
– Zap opqochasan-da.
– Ishonmasang, o‘zingga. Men hozir ichaman-u, niyatimga yetaman.
Biron narsani totib ko‘rish imkoniyatini shu vaqtgacha qo‘ldan boy bermay kelgan Eshmat, tugmachalarga suqlanib qaradi.
– Ikkalasiniyam o‘zing ichvorasanmi, Alamazon?
– Bittasini sen ichasan, – ko‘nglingdagini sezib turibman, degandek unga mug‘ambirona ko‘z tashladi Alamazon. – Chunki, ikkalamizning niyatimiz bir.
Ular dorilarni ichib olishgach, murod-maqsadlariga yetishdan oldin hovuz bo‘yida yonboshlab, biroz hordiq chiqarmoqchi bo‘lishdi.
– O‘ziyam rosa charchabmiz-yey, – pishilladi Eshmat. – Cho‘zilib yotish biram xush yoqyaptiki.
Bu paytda Alamazon ham o‘zini sarxush his qilayotgan edi. Uning etlari yoqimli jimirlab, paylari tobora bo‘shashib borar, butun vujudini to‘yib-to‘yib uxlash istagi qamrab olayotgandi.
Darmowy fragment się skończył.